Qaysi bank xodimlari bankiga ko‘proq foyda olib kelmoqda?
Mamlakatdagi bankirlar 2025-yili o‘rtacha hisobda bankiga 261 mln so‘m foyda olishga yordam bergan. Birinchi o‘rindagi bank xodimlari yil davomi 2,6 mlrd so‘mdan foyda olib kelgan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2025-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston bank sektori holatiga bag‘ishlangan hisobot e’lon qilindi.
Unda banklarning har bir xodimga nisbatan to‘g‘ri keladigan foyda ko‘rsatkichi ham taqdim qilingan. Bu ko‘rsatkich 2025-yil davomida banklarning qanchalik tijoriy va samarador bo‘lganini tushunishga yordam beradi.
Sof foyda bo‘yicha yetakchi banklar bu reytingda yuqori o‘rinlarni egallamadi. Bunga ushbu banklarda xodimlar soni boshqa banklarga qaraganda ko‘proq ekani sabab bo‘lgan.
2025-yilda bank tizimidagi har bir xodim o‘z bankiga o‘rtacha hisobda 261 mln so‘m foyda olib keldi. Bu oyiga 21-22 mln so‘m atrofida foyda degani.
Birinchi o‘rinni KDB Bank egalladi. Bu bankda bitta xodimga to‘g‘ri keladigan foyda ko‘rsatkichi 2,6 mlrd so‘mni tashkil qilib, boshqalarga qaraganda katta farq bilan yetakchi bo‘ldi.
Kuchli uchlikdan Eron Soderotbank va Oriyent Finans bank joy oldi. Bu ikki bank xodimlari o‘rtacha hisobda o‘z bankiga 1 mlrd so‘mdan ko‘proq foyda olib kelgan.
TOP 10 ga davlat banklaridan faqat SQB kirishga muvaffaq bo‘ldi. Bankning 40 foizi Milliy investitsiya jamg‘armasi tarkibiga kiritilgan bo‘lib, 2026-yilda jamg‘armaning IPO’si bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
So‘nggi o‘rinlarni Yangi bank, Garant bank va Uzum bank egalladi. Yangi bankning litsensiyasi Markaziy bank tomonidan joriy yil boshida olib qo‘yilgan edi.
2025-yilda banklar foydasi qanday bo‘ldi?
O‘tgan yili Yangi bankdan tashqari barcha O‘zbekiston banklari yilni foyda bilan yakunladi. Yil davomida banklar foydasi 2,3 barobar ko‘payib, umumiy 15,5 trln so‘mni tashkil qildi.
34 ta bankdan faqat 5 tasi 2025 yilga nisbatan kamroq foyda olgan. Bular Infinbank, Uzum bank, Ziraat bank, Poytaxtbank va TBC Bank. Qolgan barcha banklarda o‘sish kuzatildi.





