
Qaysi mamlakatlar aholisi eng uzoq umr ko‘radi?
Dunyo mamlakatlarida o‘rtacha umr davomiyligi o‘rtasida katta farq saqlanib qolmoqda. Markaziy Osiyoda esa o‘sish tendensiyasi kuzatilgan.

Jahon statistik ma’lumotlariga ko‘ra, aholining o‘rtacha umr davomiyligi eng yuqori bo‘lgan davlatlar orasida kichik hududlar va rivojlangan sog‘liqni saqlash tizimiga ega mamlakatlar yetakchilik qilmoqda.
Aholisi uzoq umr ko‘radigan davlatlar
Reytingda birinchi o‘rinda Monako bo‘lib, bu yerda aholining o‘rtacha umr davomiyligi 86,5 yoshni tashkil etadi. Undan keyin San-Marino (85,82 yosh) va Honkong (85,63 yosh) joy olgan. Osiyoda esa Yaponiya (84,85 yosh) va Janubiy Koreya (84,43 yosh) yuqori ko‘rsatkichlar bilan ajralib turadi.
Markaziy Osiyoda umr davomiyligi
Markaziy Osiyo davlatlarida o‘rtacha umr davomiyligi global yetakchilarga nisbatan pastroq bo‘lsa-da, barqaror o‘sish qayd etilmoqda. Hududda eng yuqori ko‘rsatkich Qozog‘istonga to‘g‘ri kelib, u 74,5 yosh atrofida baholanmoqda. O‘zbekistonda ushbu ko‘rsatkich 73 yosh atrofida, Tojikistonda 72 yoshni tashkil etadi. Qirg‘izistonda o‘rtacha umr 72 yosh atrofida, Turkmanistonda esa 70–71 yosh bo‘lib qolmoqda.
Eng past ko‘rsatkichga ega mamlakatlar
Dunyoda aholining o‘rtacha umr ko‘rish yoshi eng past bo‘lgan mamlakatlar asosan Afrika qit’asida joylashgan. Ular qatorida Lesoto (57,80 yosh), Janubiy Sudan (57,74 yosh) va Markaziy Afrika Respublikasi (57,67 yosh) bor. Eng past ko‘rsatkichlar esa Chad (55,24 yosh) hamda Nigeriya (54,63 yosh)da qayd etilgan.
O‘zbekistonda umr ko‘rish davomiyligi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yillar mobaynida aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi sezilarli oshgan. 1991 yilda bu ko‘rsatkich 66,4 yosh bo‘lgan bo‘lsa, 2000 yilga kelib 70,8 yoshga yetgan. 2010 yilda 73 yosh, 2015 yilda 73,6 yosh darajasida qayd etilgan. 2020 yilda ozgina pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, 2024 yilga kelib o‘rtacha umr davomiyligi 75,1 yoshga yetdi.





