Qaysi qurilish kompaniyalari eng ko‘p soliq qarzdorligiga ega?
O‘zbekistonda 100 mln so‘mdan ortiq soliq qarziga ega qurilish korxonalari soni qariyb 2 mingtaga yetdi.
© vaqt.uz2026-yil 1-iyun holatiga ko‘ra, soliq qarzi 100 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan qurilish korxonalari soni 1 964 tani tashkil etgan. Ularning jami soliq qarzi 2,56 trln so‘mga yetgan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy qarzdorlikning 618,6 mlrd so‘mi yoki 24,1 foizi eng katta soliq qarziga ega 10 ta korxona hissasiga to‘g‘ri keladi.
Hududlar kesimida eng yuqori qarzdorlik Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, poytaxtdagi qurilish kompaniyalarining jami soliq qarzi 817,4 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati (329,1 mlrd so‘m) va Toshkent viloyati (304,5 mlrd so‘m) joylashgan.
Eng katta soliq qarziga ega qurilish korxonalari ro‘yxatida «Aziya Invest Favorit» (140,2 mlrd so‘m), «Aziya Invest Favorit» (102,4 mlrd so‘m) va «Oqbuloq Obod Guzari» (92 mlrd so‘m) yetakchilik qilmoqda.
Shuningdek, «Tamirlash Qurish Servis» (76,7 mlrd so‘m), «Agro Asia Trade Service» (39,8 mlrd so‘m), «Grand Road Tashkent» (38,2 mlrd so‘m), «Usta Obid Brend» (37,9 mlrd so‘m), «Oltin Baliq» (33,2 mlrd so‘m), «National Road Invest» (29,4 mlrd so‘m) va «DSK Binokor» (28,8 mlrd so‘m) ham eng yirik qarzdorlar qatoriga kirgan.





