
Qaysi xizmat turlariga talab ortayotgani ma’lum bo‘ldi
2025 yilda O‘zbekiston xizmatlar bozorida yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi. Ayrim sohalarda o‘sish 120 foizdan oshdi.

2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotida xizmatlar sohasi yetakchi tarmoqlardan biri sifatida shakllandi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, yil davomida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 1,05 kvadrillion so‘mni tashkil etdi.
Eng yuqori o‘sish
Xizmat turlari orasida eng yuqori o‘sish sur’ati moliyaviy xizmatlar hissasiga to‘g‘ri kelib, ushbu sohada o‘sish 124,6 foizni tashkil etdi. Bu bank xizmatlari, sug‘urta va moliyaviy vositachilik xizmatlariga talab ortib borayotgani bilan izohlanmoqda.
Raqamlashuv va ijara bozori
Aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 122,7 foizga o‘sib, iqtisodiyotda raqamlashuv jarayonlari jadallashayotganini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, ijara xizmatlari 119,1 foizga o‘sib, biznes va aholi tomonidan ushbu xizmatlarga talab yuqori bo‘lganini aks ettirdi.
Ijtimoiy va infratuzilma xizmatlari
Sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlar 114,2 foizga, me’morchilik va muhandislik xizmatlari esa 113,5 foizga o‘sdi. Savdo xizmatlari 113,8 foizni, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq xizmatlar 113,1 foizni tashkil etdi.
Barqaror o‘sish saqlangan sohalar
Transport xizmatlari 110,8 foizga, yashash va ovqatlanish xizmatlari 110,4 foizga o‘sdi. Ta’lim sohasidagi xizmatlar ham 110,4 foizlik o‘sishni qayd etdi. Shuningdek, komputer va maishiy tovarlarni ta’mirlash, shaxsiy xizmatlar ham 112,3 foizga o‘sgan.
Ma’lumot uchun, 2025 yilda xizmatlar sohasida kichik tadbirkorlik ulushi respublika bo‘yicha 56,7 foizga yetdi. Hajm jihatidan Toshkent shahri yetakchi bo‘lib, bu yerda 162,6 trln so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi. Farg‘ona (54,3 trln so‘m), Toshkent viloyati (52,4 trln so‘m) va Samarqand viloyati (50,9 trln so‘m) ham yuqori ko‘rsatkichlarga ega hududlar sifatida qayd etildi.

