Qimmatbaho metallarga ega yerni olib berish uchun 600 ming dollar talab qilgan firibgar ushlandi
Buxoroda oltin va qimmatbaho metallarga ega bo‘lgan davlat zaxirasidagi 290 gektar yerni olib berishni va’da qilib, 600 ming dollar talab qilgan tadbirkor qo‘lga olindi.

Buxoro viloyatida 600 ming AQSH dollari talab qilgan shaxs tezkor tadbirda ushlandi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida yashovchi, 1973 yilda tug‘ilgan xususiy tadbirkor Buxoro viloyatining Peshku tumani hududidagi oltin va boshqa qimmatbaho metallarga ega bo‘lgan davlat zaxirasidagi 290 gektar yer maydonini o‘zining mansabdor tanishlari yordamida auksion savdolari orqali olib berishni va’da qilib, Shofirkon tumanida istiqomat qiluvchi, 1983 yilda tug‘ilgan fuqarodan 600 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Buxoro viloyati boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi oldindan 230 ming AQSH dollari va 840 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu shaxs muqaddam firibgarlik jinoyati uchun bir necha bor sudlangan.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi «a» bandi hamda 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud tomonidan unga «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.





