
Qimmatli qog‘ozlar bozoridagi qonunbuzarlikka qarshi sanksiyalar belgilandi
07.08.2025 | 12:3049994
Yangi tartibga ko‘ra, qimmatli qog‘ozlar bozorida qonunbuzarlik sodir etganlarga nisbatan jazo choralari ko‘riladi.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi rahbarining buyrug‘i bilan qimmatli qog‘ozlar bozori sohasidagi qonunbuzilishlarni ko‘rib chiqish va sanksiyalar qo‘llash tartibi belgilab berildi. Bu nizom huquqiy intizomni kuchaytirish, shffoflikni oshirish va bozor ishtirokchilari manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Nizomga muvofiq, qonunbuzarlik sodir etgan ishtirokchilarga nisbatan sanksiyalar qo‘llaniladi. Agar ular davlat organlarining mansabdor shaxslari bo‘lsa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks asosida jazoga tortiladi. Vakolatli organ sifatida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi belgilangan.
Agentlik ishlarni ko‘rib chiqish uchun maxsus komissiya tuzadi. Uning tarkibi agentlik rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi. Komissiya tarkibiga agentlik xodimlari, davlat organlari va kasbiy birlashmalar vakillari kirishi mumkin. Zarur hollarda, komissiya banklar bilan bog‘liq ishlarda Markaziy bank bilan kelishgan holda ekspertlarni jalb etishi mumkin.
Ishni ko‘rib chiqish muddati bir oy qilib belgilangan, lekin zarurat tug‘ilganda yana bir oyga uzaytirilishi mumkin. Barcha ishtirokchilar — javobgar shaxslar, ariza beruvchilar, ekspertlar va guvohlar komissiya yig‘ilishida qatnashish, ish materiallari bilan tanishish va qarshilik bildirish huquqiga ega.
Komissiya ish yakunida bir necha qarorlar qabul qilishi mumkin:
— qonunbuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha xabarnoma berish,
— litsenziya yoki ayrim operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatib turish,
— ishni sud yoki boshqa organlarga yuborish,
— ish yuritishni tugatish.
Komissiya qaroriga nisbatan sudga shikoyat qilish mumkin. Sud arizani ko‘rib chiqguniga qadar bahsli qaror ijrosi to‘xtatib turiladi. Qonunbuzarlik aniqlanganidan so‘ng, 3 yil mobaynida shaxs javobgarlikka tortilishi mumkin.





