
Qirg‘iziston milliy steyblkoinni ishga tushirdi
Bishkekda AQSH dollariga bog‘langan va jismoniy oltin bilan ta’minlangan USDKG nomli davlat steyblkoinining birinchi emissiyasi tantanali ravishda muomalaga chiqarildi.

Qirg‘iziston poytaxtida USDKG steyblkoinining birinchi emissiyasi rasman ishga tushirildi. Bu jismoniy oltin bilan ta’minlangan va AQSH dollariga bog‘langan milliy raqamli tokendir.
Marosimda prezident Sadir Japarov, Moliya vaziri Almaz Baketayev va «Virtual aktivlar emitenti» OAJ boshqaruvi raisi Biybolot Mamitov ishtirok etdi.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Tron tarmog‘ida 50 million USDKG tokenini chiqarish va muomalaga kiritish boshlandi. Har bir token bir dollarga teng bo‘lib, uning qiymati to‘liq jismoniy oltin bilan ta’minlangan.
USDKG davlat steyblkoini sifatida taqdim etilmoqda. U shaffof va xavfsiz raqamli valuta sifatida ishlab chiqilgan. Yaratuvchilarning ta’kidlashicha, token oltinning ishonchliligi va blokcheyn texnologiyasining afzalliklarini o‘zida mujassam etgan.
Prezident ma’muriyati xabarida aytilishicha, bu loyihaning ishga tushirilishi Qirg‘iziston uchun global moliyaviy ekotizimda yangi imkoniyatlar yaratadi. U blokcheyn platformasida davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni ta’minlaydigan Wyeb3 infratuzilmasi va markazlashmagan xizmatlarni rivojlantirish uchun asos bo‘lishi kutilmoqda.
Hukumat vakillari fikricha, steyblkoin mamlakatning investitsion jozibadorligini oshiradi va kapital hamda texnologik hamkorlar oqimini rag‘batlantirishi mumkin.
Ilgari xabar qilinganidek, USDKG dunyoda birinchi bo‘lib jismoniy oltin bilan ta’minlangan davlat steyblkoiniga aylangan.





