Qirg‘iziston saylov kunini haq to‘lanadigan dam olish kuniga aylantirishni rejalashtirmoqda
Qonun loyihasiga ko‘ra, haq to‘lanadigan dam olish kuni huquqiga faqatgina saylov uchastkasiga borib, ovoz bergan fuqarolargina ega bo‘ladi.

Qirg‘izistonda prezident va Jogorku Kenesh deputatlari saylovi kuni ovoz berishda qatnashgan barcha xodimlar uchun haq to‘lanadigan dam olish kuni deb e’lon qilinishi mumkin. Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan yangi qonun loyihasida belgilangan.
Parlament spikeri Marlen Mamataliyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan hujjatga ko‘ra, saylovlar yakshanba emas, chorshanba kuni o‘tkaziladi. Haq to‘lanadigan dam olish kuni huquqiga faqatgina saylov uchastkasiga borib, ovoz bergan fuqarolargina ega bo‘ladi. Uzrli sabablarsiz ovoz berishda qatnashmagan shaxslar uchun bu kunga maosh to‘lanmaydi.
Ish beruvchilar va xodimlar uchun yangi tartiblar
Qonun loyihasi bilan mehnat munosabatlarida quyidagi o‘zgarishlarni joriy etish taklif qilinmoqda:
• Ovoz berish kuni mehnat qonunchiligidagi dam olish va ta’til kunlari qatoriga rasman kiritiladi.
• Ish beruvchilarga saylov kuni xodimlarni ishga jalb qilish taqiqlanadi (qonundagi ayrim mustasno holatlardan tashqari).
• Agar xodim shu kuni baribir ishga jalb qilinsa, unga ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi va qo‘shimcha dam olish kuni taqdim etiladi.
• Ovoz berish kuni sug‘urta stajiga to‘liq kalendar kuni sifatida kiritilib, unga tegishli sug‘urta badallari davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
Qonun loyihasi mualliflarining bildirishicha, mazkur o‘zgarishlar saylovlardagi davomatning pastligiga yechim sifatida ishlab chiqilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilgi parlament saylovlarida saylovchilarning 36,9 foizi ovoz bergan. Hujjatning asoslantiriluvchi qismida qayd etilishicha, saylovlarni yakshanba kuni o‘tkazish fuqarolar faolligini ta’minlamayapti, chunki aksariyat aholi o‘zining yagona dam olish kunini oilaviy yumushlar va sayohatlarga sarflashni afzal ko‘radi.





