
Qirg‘izistonda parlamentga muddatidan avvalgi saylov sanasi belgilandi
01.10.2025 | 09:2623543
Sadir Japarovning qaroriga ko‘ra, Jogorku Kengesh deputatlarining muddatidan avvalgi saylovi 30 noyabrda o‘tkaziladi. Yangi tizim 30 ta ko‘pmandatli okrugda amal qiladi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 30 noyabr kuni Jogorku Kengesh deputatlariga muddatidan avval saylov o‘tkazish haqida farmon imzoladi. Hujjat prezident rasmiy saytda e’lon qilindi.
Markaziy saylov komissiyasiga ovoz berish jarayonini qonunchilikka muvofiq va masofaviy ovoz berish tizimidan foydalangan holda tashkil qilish topshirildi. Hukumat moliyalashtirishni ta’minlaydi, huquq-tartibotni muhofaza qiladi va fuqarolar huquqlari hamda erkinliklariga rioya etilishini nazorat qiladi.
25 sentyabrda Jogorku Kengeshning yettinchi chaqiriq deputatlari o‘zini-o‘zi tarqatish qarori qabul qilgan edi. Konstitutsiyaga ko‘ra, prezident besh kun ichida saylov sanasini belgilashi shart.
Yangi tizimga ko‘ra, mamlakat 30 ta ko‘pmandatli okrugka bo‘linadi. Har bir okrugdan uchtadan deputat saylanadi va ularning biri albatta ayol nomzod bo‘lishi shart. Bu parlamentda kamida 30 nafar ayolning bo‘lishini kafolatlaydi.
Japarov bu tizimni «qirg‘iz xalqi uchun eng maqbul yo‘l» deb atadi. Uning fikricha, bu jarayon fuqarolarga erkinlik berish bilan birga deputatlarni ham saylovchilar oldida mas’uliyatli qiladi.





