
Qirg‘izistonda to‘y va ko‘ngilochar maskanlar 22:00 da yopiladi
Qirg‘izistonda ko‘ngilochar maskanlar faoliyatiga qat’iy vaqt cheklovlari joriy etildi. Qaror shovqinni cheklash va fuqarolar tinchligini saqlash maqsadida qabul qilingan.

Qirg‘izistonda barcha to‘ylar, bazmlar va ko‘ngilochar maskanlar faoliyati soat 22:00 da to‘xtatilishi shart etib belgilandi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev ma’lum qildi.
Uning aytishicha, cheklovlar mamlakatda amal qilayotgan «Sukunat to‘g‘risida»gi qonun ijrosini ta’minlash maqsadida joriy etilmoqda. Tashiyev bu talablar avval qabul qilingan bo‘lsa-da, amalda bajarilmayotganini qayd etdi va endilikda qoidaga qattiq amal qilinishi shartligini ta’kidladi.
«Biz rezolyutsiya qabul qildik, lekin u amalga oshirilmayapti. Men buni qayerdan bildim? Yaqinda Bishkekdagi hamkasbimning to‘yi yarim tungacha davom etdi va hech kim aralashmadi. Jalolobodda ham shunday; ularning to‘yi yarim tungacha davom etdi va hech kim hech narsa demadi», — dedi u.
Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari mazkur qonun talablarini nazorat qilishi lozim. U qoida buzilgan hollarda soat 22:00 dan keyin faoliyat yuritayotgan har qanday muassasada elektr ta’minotini to‘xtatish kerakligini bildirdi.
«Mahalliy hokimiyat rahbarlari, siz yozma buyruqqa amal qilmayapsiz. Men endi rasmiy buyruq chiqaryapman: barcha bayramlar, ko‘ngilochar tadbirlar, kafelar, restoranlar va tungi klublar soat 22:00 dan keyin o‘z faoliyatini to‘xtatishi kerak. Agar kimdir itoatsizlik qilsa, elektrni o‘chiring», — dedi Tashiyev.
Rahbarning bayonotidan so‘ng Bishkek va O‘sh shaharlarida kafe, restoran va tungi klublarda keng ko‘lamli reydlar o‘tkazildi. Tekshiruvlar soat 22:00 da boshlanib, ko‘plab maskanlarning cheklovlarga amal qilmayotgani aniqlangan. Reydlar davomida elektr energiyasidan tejamkor foydalanish va «Sukunat to‘g‘risida»gi qonun talablariga rioya etilishi asosiy e’tiborda bo‘ldi.
Muassasa egalari kechki soatlarda mijozlar oqimi yuqori bo‘lishini, chiroqni o‘chirish talabi biznes faoliyatiga salbiy ta’sir etayotganini bildirmoqda. Shunga qaramay, rasmiylar reydlar davom ettirilishini, qoidalarni buzganlar esa jazoga tortilishini ma’lum qilgan. Mahalliy ma’muriyatlar va nazorat idoralari tomonidan bunday tekshiruvlar muntazam o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda soat 23:00 dan keyin to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kamchibek Tashiyev Markaziy Osiyodagi davlat rahbarlari yaratgan o‘zaro ishonch muhiti tufayli yaqin kelajakda chegarachilar xizmatiga ehtiyoj qolmasligi mumkin, degan edi.





