
Qish qanday keladi? — iqlimshunos Erkin Abdulahatov prognozlarni ma’lum qildi
07.10.2025 | 16:3012213
Bu yilgi qish namlik yetishmasligi va past yog‘ingarchilik bilan kechishi kutilmoqda.

Iqlimshunos olim Erkin Abdulahatov joriy yilning kuz-qish mavsumidagi ob-havo haqida ma’lumot berdi.
«Yilimiz juda qurg‘oq keldi. Nam havo oqimlari «quvvati» kam, shu bois vaziyat yaxshi emas. Asosiy qishloq xo‘jalik yerlari va yaylovlarda namlik yetishmayapti. Ayniqsa, lalmi yerlar namsiz holda qishga kirmoqda», — dedi olim.
Uning so‘zlariga ko‘ra, oktyabr oyi davomida kutilgan yog‘in me’yorning 50–80 foizini tashkil etadi. Bu esa dehqonchilik uchun xavotirli holatdir. «Bunday issiq va qurg‘oq kunlar ketidan kutilgan yog‘ingarchilik ham me’yordan kam bo‘ladi», — deya ta’kidladi u.
Abdulahatovning gidrometeorologik tahlillariga ko‘ra, kelayotgan qish ham qurg‘oq bo‘lishi mumkin. Tinch okeani markazidagi suv haroratining sovishi — «La-Ninya» hodisasi — bu holatning asosiy sababi sifatida ko‘rsatilmoqda.
«Qish qurg‘oq, feveral va mart oylarida esa issiq kunlar ortidan qisqa muddatli sovuq qaytishi mumkin. Bu qishloq xo‘jaligi uchun qiyin davr bo‘ladi, zero barqaror vegetatsiya jarayoni shikastlanadi», — dedi iqlimshunos.
Mutaxassis 2026 yilda qishloq xo‘jalik sohasi uchun og‘ir va sinovli yil bo‘lishi mumkinligini ham ta’kidladi.
Avvalroq «O‘zgidromet» ham oktyabr oyida havo harorati sentyabrga nisbatan 6–7 darajaga, ayrim shimoliy hududlarda esa 8–9 darajaga pasayishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.





