add

Qishloq xo‘jaligi indeksi pasaydi, sanoatda o‘sish qayd etildi — tadqiqot

18.08.2025 | 19:0011416

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining so‘rovnomasiga ko‘ra, har to‘rtinchi tadbirkor oxirgi uch oyda qo‘shimcha xodim ishga olgan.

Qishloq xo‘jaligi indeksi pasaydi, sanoatda o‘sish qayd etildi — tadqiqot
Iyul oyida biznes muhiti indeksi 52 bandni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 bandga yuqori bo‘ldi. Iyun oyidagi holat 47 bandni ko‘rsatgan edi. Xususan, hozirgi holat indeksi bir yil ichida 44 bandga ko‘tarilib, 14 bandlik o‘sish kuzatildi. Sotuvlar hajmining kengayishi, ishchi kuchiga talabning oshishi va ishlab chiqarish barqarorligi bunni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillar bo‘ldi. So‘rovnomag‘a ko‘ra, kelajakdagi kutilmalar biroz pasaydi — 66 banddan 59 bandga tushdi. O‘tgan oyda esa kutilmalar 6 bandga oshib, 80 band bo‘lishi aytilgan edi. Biroq natijalar kutilgandek bo‘lmadi, aksincha endi pasayish prognoz qilinmoqda.   Tadbirkorlar nima deydi? Respondentlarning uchdan bir qismi (37 foizi) biznes holati yaxshilanganini aytgan. Tadbirkorlarning 42 foizi esa mahsulot va xizmatlarga talab o‘sganini qayd qilishdi. Har to‘rtinchi tadbirkor (24 foiz) ishchilar sonini oshirganligini ko‘rsatgan. O‘tgan oyda ham Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xuddi shunday ma’lumot bergan edi. Ya’ni 38 foiz tadbirkorlar holat yaxshilanganini, 24 foiz respondent esa ishchilar soni ortganini aytgan. Kutilmalarga kelsak, so‘rovnomada qatnashgan tadbirkorlarning 66 foizi kelgusida talab o‘sishini taxmin qilmoqda. Ularning yarmidan ko‘prog‘i, ya’ni 53 foizi ishchilar soni oshishini kutmoqda. Har to‘rtinchi tadbirkor esa narxlar o‘sadi deb hisoblaydi.   Tarmoqlar bo‘yicha holat qanday? Qishloq xo‘jaligi: Umumiy indeks 50 bandni tashkil etdi, o‘tgan oyga nisbatan 9 bandga pasaydi. So‘rovda tadbirkorlarning 41 foizi biznesi yaxshilanganini aytdi, 79 foizi esa kelgusida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonmoqda. Sanoat: Indeks iyul natijalariga ko‘ra 50 bandga yetdi, o‘tgan oyda esa 37 bandda qolgan edi. Tadbirkorlarning 51 foizi joriy holatni «qoniqarli»  deb baholagan, 74 foizi esa kelgusida sharoit yaxshilanishini kutmoqda. Xizmatlar sohasi: «Indeks 54 bandni qayd etdi, 3 bandga o‘sdi» deydi markaz. Biroq o‘tgan oydagi raqamlar bilan solishtirsak, aksincha holat 3 bandga tushgan. Qurilish: Indeks 50 bandni tashkil etdi (+5 band). So‘rovda qatnashganlarning 42 foizi biznesi yaxshilanganini aytgan, 24 foizi esa kelgusida o‘sish bo‘lishiga ishonmoqda. Tadqiqot xulosalariga ko‘ra, so‘nggi 3 oyda biznes holati yaxshilangan. Respondentlarning 24 foizi kelgusida biznes holatining yana ijobiy o‘sishini umid qilmoqda. Ushbu tadqiqot Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan sanoatning turli tarmoqlaridagi 1000 dan ortiq korxonalardan olingan so‘rovnoma asosida hisoblangan. Ma’lumot uchun o‘tgan oy yakuniga ko‘ra mamlakatdagi biznes muhiti indeksi 63 band edi. Bu  so‘nggi ikki yildagi rekord ko‘rsatkich sifatida qayd qilingan. Eslatib o‘tamiz, avvalroq ishsizlik darajasi 2025-yilning birinchi yarmida pasayib, 5,1 foizni tashkil qilgani haqida xabar bergan edik. Mahliyo Hamidova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid