
Qishloq xo‘jaligi vazirligi fermerlarga issiq kunlardagi dala ishlari bo‘yicha ogohlantirish berdi
16.05.2025 | 12:457653
Qishloq xo‘jaligi vazirligi fermer va dehqonlarga 14–18 may kunlari kutilgan 43 darajagacha bo‘lgan issiqlar sababli dala ishlarini ertalab soat 10 gacha amalga oshirishni, 10 dan 16 gacha esa to‘xtatishni tavsiya qildi.

Bu davrda quyoshda qolgan plastik idishlardagi suvdan foydalanmaslik, tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilmaslik tavsiya etilmoqda. Jazirama issiqning agrotexnik ta’sirini yumshatish maqsadida barcha sohalarda ilmiy yondashuvga asoslangan tavsiyalar berildi.
Paxtachilikda go‘zani issiqqa chidamli qilish uchun biostimulyatorlar, mikroo‘g‘itlar va tomchilab sug‘orish usuli qo‘llanilishi zarur. Tunda sug‘orish va qator oralarini mulchalab, namlikni saqlash tavsiya etildi.
G‘allachilikda tunda yoki ertalabgi soatlarda biostimulyatorlar bilan bargdan oziqlantirish, sholichilikda esa tuproqni doimiy nam holda ushlash, suvni tejash maqsadida tik quduqlardan foydalanish kerakligi aytildi.
Sabzavotchilikda o‘simliklarni issiqdan himoya qilish uchun tunda sug‘orish, soya hosil qiluvchi to‘rlardan foydalanish va stressga qarshi moddalarni ishlatish tavsiya qilinmoqda. Qovun, tarvuz va o‘xshash ekinlar yuqori haroratda o‘sish qobiliyatini yo‘qotishi mumkin.
Shuningdek, uzum va mevali bog‘larda tomchilab va yomg‘irlatib sug‘orish, salqin vaqtlarda sug‘orish va terav ishlarini amalga oshirish tavsiya etildi.





