
«Qobiljon ishi»: Moskva Dushanbega 10 yashar bola o‘ldirilishi yuzasidan tergov qanday ketayotgani haqida axborot berdi
Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinning aytishicha, ba’zan noxush hodisalar yuz bersa-da, «hukumat darajasida o‘zaro tushunish saqlanadi va hamkorlik davom etadi».

Rossiya Tojikiston hukumatiga 2025 yil dekabr oyida Moskvada qotillik qurboni bo‘lgan 10 yoshli tojik bola Qobiljon Aliyev ishi bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarni taqdim etdi. Bu haqda Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin 6-fevral kuni matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Rossiya tomoni Tojikiston tarafini ishontirib, ushbu masala «ehtiyotkor nazorat ostida» ekanini ma’lum qilgan.
«Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi Moskvada jinoyat ishini qo‘zg‘atdi, jinoyatchi qo‘lga olindi va unga og‘irlashtiruvchi holatlarda qotillik va qotillikka urinish ayblovi qo‘yildi. Keyin sud unga nisbatan hibs chorasini qo‘lladi», — dedi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni, shuningdek, «tergov natijalari haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi» deb bildirgan.
Sirojiddin Muxriddin 10 yoshli tojik bola bilan sodir bo‘lgan fojiani «butun xalq og‘rig‘i» deb atadi.
«Birinchi kundan boshlab bu masala mamlakat prezidentining alohida nazoratida, Tashqi ishlar vazirligi ham uni o‘z nazoratiga oldi», — deya qo‘shimcha qildi vazir.
Biroq Tojikiston tashqi siyosati rahbari Qobiljon Aliyevning ota-onasi advokat xizmatidan foydalanayotgani yoki yo‘qligi, sud jarayoni qachon boshlanishi haqida so‘z ochmadi.
Rossiyadagi tojik migrantlari
Migrantlar va Rossiyadagi boshqa tojik fuqarolarni himoya qilish haqida gapirarkan, Sirojiddin Muxriddin o‘zining rahbarligidagi vazirlik Rossiya tomoni bilan doimiy aloqa o‘rnatib kelayotgani va Tojikiston hamda Rossiya idoralari orasida «katta ishlar olib borilayotgani»ni aytish bilan cheklandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada tojik fuqarolari bilan sodir bo‘lgan har bir hodisa nazorat ostiga olinadi va TIVning barcha diplomatik idoralari hamda mamlakatning Rossiyadagi boshqa vazirlik va idoralari «har bir tojik fuqarosining huquqlarini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘radi».
«Biroq siz bilsangiz kerak, Rossiya juda katta davlat va har bir tuman va qishloqda tojik fuqarolari bor. Ularga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatishda vakilliklarimiz uchun ba’zan qiyinchiliklar bo‘ladi. Shu bilan birga, bu holatga qaramay, Rossiya tomoni bilan o‘zaro tushunish mavjud», – dedi vazir.
Vazirning aytishicha, ba’zan noxush hodisalar yuz bersa-da, «hukumat darajasida o‘zaro tushunish saqlanadi va hamkorlik davom etadi».
Qotillik
Qobiljon Aliyev 2025 yil 16-dekabr kuni Moskva oblastidagi maktabda Rossiya fuqarosi, 15 yoshli o‘smir tomonidan pichoqlab o‘ldirilgan. Tojikiston TIVning bildirishicha, hujum milliy adovat asosida sodir bo‘lgan.
Tojik bolaning tanasi 2025 yil 18-dekabr kuni Tojikistonga yetkazilgan va Shahrinav tumanida dafn etilgan.





