
Qodirovning o‘g‘li YTHdan so‘ng Dubayga olib ketildi: Grozniyda nima gaplar?
Ba’zilar 2025 yil boshida Ramzan Qodirov Vladimir Putin bilan urishib qolgani haqida ham yozishmoqda.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning kenja o‘g‘li Adam yaqinda yuz bergan YTHda dastlab xabar qilinganidek og‘ir jarohat olmagan. U hozir Dubayda. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Qayd etilishicha, kuzatuvchilar (asosli ravishda) 18 yoshli Adam Moskvadagi Botkin shifoxonasida davolanayotganini taxmin qilishgan edi. Biroq, 18-yanvar kuni uni Moskvaga olib borgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tibbiy borti Dubayga uchib ketgan, u yerda Qodirov qarindoshlarining bir nechta villalari va «zaxira aerodromi» mavjud.
Arzimas jarohatlar
«VCHK-OGPU» tTelegram-kanali manbalarga tayanib xabar berishicha, dastlab og‘ir deb baholangan Adam Qodirovning ahvoli Moskvadagi Botkin shifoxonasiga yotqizilganidan keyin yaxshilangan. Kanal Adamning sog‘lig‘i haqida boshqa tafsilotlarni keltirmagan.
Biroq, NIYSO muxolifat harakati va «Novaya gazeta Yevropa» Adam hayotiga xavf tug‘dirmaydigan bir nechta arzimas jarohatlar olgani haqida yozgan. NIYSO jag‘ suyagi sinishi va yuzdagi tirnalishlar haqida xabar bergan bo‘lsa, «Novaya-Yevropa» — ehtimoliy bosh miya chayqalishi va lat yeyishlar haqida yozdi. Xavfsizlik kamarlari hamda yostiqchalari unga jiddiy jarohatlardan saqlanishga yordam bergan.
Avvalroq, «Kavkaz.Realii» YTHdan keyin Adam Grozniy kasalxonasining reanimatsiyasiga hushsiz holatda olib kelingani haqida yozgan edi. Shifoxonadagi guvohlar uning ahvoli shu qadar og‘ir bo‘lganidan Qodirovning vorisini «tanib bo‘lmasdi» deb da’vo qilishgan.
Dubayga parvozlar
«Vajnыye istorii» kanalining yozishicha, kichik Qodirov FVVning «uchuvchi gospitali»da Moskvadagi Botkin shifoxonasiga olib borilgan. O‘sha FVV borti 18-yanvar kuni ertalab avval Moskvadan Dubayga uchgan, qo‘nganidan bir yarim soat o‘tib Grozniyga yo‘l olgan, 19-yanvar kuni ertalab esa yana Moskvaga qaytgan.
Sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, Qodirovlar oilasi BAAda bir nechta villalarga egalik qiladi.
«2025 yil boshida Ramzan Qodirov Vladimir Putin bilan o‘z aktivlarining kelajagi va oila a’zolarining xavfsizligi bo‘yicha Yaqin Sharq musulmon monarxiyalari vakillari bilan kelishilmagan muzokaralarni yashirishga uringani sabab urishib qolgan edi», - deya yozgan «Vajnыye istorii» kanali.
FVV borti kichik Qodirovni Moskvaga olib ketayotgan vaqtda, YTH vaqtida Dubayda bo‘lgan RA-73417 bort raqamli Airbus ham Moskvaga uchib kelgan. FXX (FSB) chegara xizmatining sizib chiqqan ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, aynan shu bortda Ramzan Qodirov oxirgi yillarda muntazam ravishda BAAga uchib turadi.





