
Qog‘ozlar tugadi: Mirziyoyev suv xo‘jaligini raqamli boshqaruvga o‘tkazmoqda
13.10.2025 | 21:4036863
Prezident Mirziyoyev suv xo‘jaligida hisob-kitoblarni to‘liq raqamli shaklga o‘tkazishni buyurdi. Yangi tizim orqali har tomchi suv elektron hisobda bo‘ladi.

O‘zbekiston prezidenit Shavkat Mirziyoyev 13 oktyabr kuni suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish, quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda sohaning xususiy sektor uchun jozibadorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Tqdimotda ta’kidlanishicha, yangi yondashuv asosida suv hisobini yuritish to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi. «Suv hisobi» axborot platformasi orqali foydalanilgan suv miqdori aniq hisoblanadi va iste’molchilarga elektron tarzda ma’lum qilinadi. Bu tizim hisob-kitoblarda inson omilini kamaytiradi, ortiqcha qog‘ozbozlikni bartaraf etadi hamda resurslardan foydalanish samaradorligini oshiradi.
Shuningdek, 2026 yil apreliga qadar «Davlat suv kadastri» axborot tizimi ishga tushiriladi. U orqali suv resurslariga oid ma’lumotlar tegishli vazirlik va idoralardan yig‘iladi va yagona bazada shakllantiriladi.
Qolaversa, bundan buyon suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish masalalari bilan alohida vazir o‘rinbosari shug‘ullanadi. 2026 yildan boshlab xodimlarni rag‘batlantirish tizimi amaliy natijalarga bog‘lanadi, ya’ni yetkazilgan suv miqdori va foydalanilgan hajm o‘rtasidagi tafovut asosida baholanadi.
2026 yilda Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridagi nasos stansiyalarning 50 foizi, 2027 yilga borib esa Namangan viloyatidagi barcha nasos stansiyalarini xususiy sheriklikka berish rejalashtirilmoqda.
Muassasalarning moliyaviy mustaqilligini oshirish maqsadida suv solig‘idan tushgan mablag‘larning 40 foizini o‘zining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirishiga ruxsat beriladi.





