
Qohiraning arabcha NATO tashkil etish rejasi rad etildi
20.09.2025 | 21:0023823
Misr prezidenti Dohada bo‘lib o‘tgan sammitdan norozi holda qaytdi — Qatar va BAA arabcha harbiy alyans tashkil etish g‘oyasini rad etdi.

Middle East Eye manbasiga ko‘ra, Qohira 1950 yilgi Qo‘shma mudofaa to‘g‘risidagi shartnoma asosida tashqi tahdidlarga qarshi arabcha NATOga o‘xshash ittifoq tuzishni taklif etgan. Ammo Qatar va BAA bu tashabbusni rad etdi. Tashkil etiladigan ittifoq Isroilga qarshi ehtimoliy himoya mexanizmlaridan biri bo‘lishi kerak edi.
Bayonotlar tahliliga ko‘ra, asosiy bahs ittifoqdagi yetakchilik bo‘yicha yuzaga kelgan. Saudiya Arabistoni qo‘mondonlikni o‘z zimmasiga olmoqchi bo‘lgan, ammo Misr o‘zining ko‘p yillik harbiy tajribasini asos qilib, yetakchilikka da’vogarlik qilgan.
Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy sammitni «xafsalasi pir bo‘lib» tark etgani aytilmoqda. Qohira Isroilning G‘azodagi harakatlarini genotsid deb atash va falastinliklarni Sinay yarimoroliga ko‘chirishga qarshi qat’iy bayonot kutayotgan edi.
BAA va Qatar esa «AQSH prezidenti Donald Tramp vaziyatni barqarorlashtirishi va Binyamin Netanyahuning boshqa arab davlatlariga nisbatan ham shunday hujumlar uyushtirishining oldini olishiga» ishonmoqda.
Qolgan arab davlatlari Isroilga qarshi faol harakatlar samara bermasligini anglab yetgan va AQSH orqali Isroilga bosim o‘tkazishni afzal ko‘rmoqda.





