«Qo‘qon patiri» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi
Mahsulotning nomi va an’anaviy tayyorlash usuli huquqiy himoya ostiga olindi.
© ijtimoiy tarmoqlarFarg‘ona viloyatiga xos bo‘lgan «Qo‘qon patiri» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qo‘qonning noyob gastronomik meros namunalaridan biri bo‘lgan ushbu non turi o‘zining betakror ta’mi, an’anaviy retsepti va tayyorlash texnologiyasi bilan ajralib turadi. O‘ziga xos tayyorlash usuli tufayli mazkur patir bir necha hafta davomida o‘z sifati va ta’mini saqlab qolishi bilan mashhur.
Huquqiy himoya va xalqaro targ‘ibot
Qayd etilishicha, «Qo‘qon patiri»ning geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatga olinishi mahsulot nomi va uni tayyorlashning an’anaviy texnologiyasini huquqiy himoya qilishga, shuningdek, sifat standartlarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, Farg‘ona viloyatining gastronomik brendini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich — mahsulotning ma’lum bir hududga mansubligini hamda uning sifati, shuhrati va o‘ziga xos xususiyatlari aynan shu hududning tabiiy-iqlimiy va ijtimoiy-madaniy omillari bilan chambarchas bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyektidir.




