add

Qo‘qondagi gaz quyish shoxobchasi MIB tomonidan auksionga chiqarildi

18.09.2025 | 21:408727

Ushbu ob’ektning bahosi 14 milliard 691 million so‘m etib belgilangan. Jizzaxda hali ishga tushmagan Metan zapravka bino-inshootlari xatlandi. Ushbu mulk ham auksionda sotilishi mumkin.

Qo‘qondagi gaz quyish shoxobchasi MIB tomonidan auksionga chiqarildi
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Qo‘qon shahar bo‘limi tomonidan soliq qarzdorligi sababli xatlangan gaz quyish shoxobchasi elektron auksion savdosiga qo‘yilgan. Bu haqda O‘zA xabar berdi. Qayd etilishicha, hozirda 14 milliard 691 million so‘mga baholangan ushbu shoxobcha bunday katta qarzga tushib qolishiga nima sabab bo‘lgani ochiqlanmagan. Umumiy olganda Majburiy ijro byurosi Toshkent shahar boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan joriy yilda ish yurituvda 6 ming 941 nomulkiy turdagi ijro hujjatlari bo‘lib, shundan 948 tasi noqonuniy qurilmani buzish, 1,5 mingdan ziyodi uyga kiritish yoki chiqarish, 1,5 mingga yaqini bola olib berish yoki bola bilan uchrashtirish, 255 tasi ishga tiklash va 3 mingga yaqini boshqa nomulkiy turdagi ijro hujjatlarini tashkil etgan. Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida 2 ming 832 ijro hujjati bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilingan. Shundan 1,5 ming ijro hujjatining ijrosi amalda tamomlangan. Misol uchun, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan “Zargarlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan noqonuniy qurilgan do‘kon buzilib, yer maydoni o‘z holiga qaytarilgan. Byuroning Jizzax viloyati boshqarmasi hamda hududiy bo‘limlari tomonidan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorlarning mulklari xatlangan. Ijro talabi bajarilmaganidan keyin mulklar musodara etilgan. Bunday mulklar esa savdo yarmarkalari tashkil etish orqali sotilib, tushgan mablag‘ qarzdorliklarni qoplashga yo‘naltirilmoqda. Shunday yarmarkalardan birida musodara qilingan telefonlar arzon narxlarda sotildi. Savdo aholi gavjum joylarda o‘tkazilib, xaridorlarga tegishli hujjatlar rasmiylashtirib berilgan Boshqa bir holatda esa Qo‘qon shahar elektr ta’minoti korxonasi Qo‘qon shahar suv ta’minoti korxonasiga bo‘lgan 600 million so‘mlik qarzdorlikni 5 kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda qoplab bergan. Tashkilotlar o‘rtasidagi muhim moliyaviy masala byuro aralashuvi bilan muddatidan oldin hal etilgan. Byuroning Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan qarzdor shaxsga kredit qarzdorligini to‘lashi zarurligi haqida bir necha marotaba ogohlantirish berilgan. Biroq qarzdor o‘z zimmasiga olgan majburiyatini bajarmagan va belgilangan muddatlarda to‘lovlarni amalga oshirmagan. Sudning ijro hujjatiga muvofiq, tadbirkor M.A.dan undiruvchi “O‘zsanoatqurilishbank” foydasiga 148,4 million so‘m kredit qarzdorligini undirish belgilandi. Ijro hujjati talablari ijrosi ta’minlanishi uchun boshqarma xodimlari qarzdorga yana bir bor rasmiy ravishda ogohlantirish berdi. Ammo u baribir qarzini to‘lashdan bo‘yin tovlagan. Shu sababli, qonunchilik talablariga muvofiq, javobgarga tegishli bo‘lgan Baliqchi tumanidagi turarjoy binosi xatlangan. Hozirda mazkur xonadon 175 million so‘m boshlang‘ich qiymatda elektron onlayn-auksion savdosiga qo‘yilgan. Jizzax viloyati soliq boshqarmasining “B.H” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan ijro hujjatlari bo‘yicha 324 million so‘m soliq qarzini undirish bo‘yicha ijro varaqasi byuroning Sharof Rashidov tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan. Davlat ijrochilari tomonidan qarzdorning hisob raqamlariga band solinib, barcha mol-mulklariga taqiq o‘rnatilgan. Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdorga tegishli ishga tushmagan Metan zapravka bino-inshootlari xatlangan. Qarzdorlik to‘liq bartaraf qilinmagan taqdirda, ushbu mulk auksion savdosida sotilib, tushgan pul qarzdorlikka yo‘naltiriladi.

Teglar

Mavzuga oid