
Qoraqalpog‘iston rivoji uchun 200 mln dollar jalb etiladi
15.08.2025 | 17:0025463
Prezident qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘istonda 2025–2026 yillarda iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish va asosiy sohalarda yuqori sur’atlarga erishish rejalashtirilgan.

14 avgust kuni qabul qilingan PQ–248-sonli Prezident qaroriga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish choralari yanada jadallashtiriladi. Dasturni amalga oshirish uchun natijaga asoslangan moliyalashtirish tizimi (PforR) orqali 150–200 million AQSH dollari miqdorida xorijiy mablag‘lar jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Hujjatda 2025–2026 yillarda hudud rivojlanishining asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilab berilgan. Jumladan, yalpi hududiy mahsulot hajmini o‘rtacha 6–6,5 foizga yetkazish, sanoat ishlab chiqarishini 5–6 foizga oshirish va bozor xizmatlari hajmini 15–17 foizga ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Qarorga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi. U har besh yillik batafsil dasturlar asosida amalga oshirilib, hududning iqtisodiy salohiyatini oshirish, infratuzilmani takomillashtirish va aholi turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan bo‘ladi.
Shu bilan birga, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash uchun mahalliy va xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, ish o‘rinlarini yaratish hamda xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Dastur ijrosi davlat organlari va xalqaro hamkorlar hamkorligida ta’minlanadi.
Avvalroq Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan aholi uchun ichimlik suvi bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash tartibi belgilangani haqida xabar bergan edik.





