
Qoraqalpog‘istonda mayning uchun maxsus zona tashkil etiladi
18.08.2025 | 20:4547732
Loyiha bo‘yicha hujjatlar Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.

Mayning sohasini tartibga solish va rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘istonda mayning uchun maxsus zona tashkil etiladi. Bu haqda Prezidentning «Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish to‘g‘risida»gi qarorida keltirilgan.
Qayd etilishicha, maxsus zonada mayning faoliyati faqat qayta tiklanadigan energiya manbalari hisobidan amalga oshiriladi. Shuningdek, yagona energetika tizimiga ulangan holda energiyadan foydalanishda maxsus tariflar joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Loyiha bo‘yicha hujjatlar Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘istonda Geologiya vazirligi qoshidagi Yer qa’ridan foydalanish markazining alohida boshqarmasi tashkil etilmoqda. U foydali qazilmalarni qazib olish uchun istiqbolli maydonlar ro‘yxatini tuzib, ularni savdoga qo‘yadi. Norudali qazilmalarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘ygan kompaniyalar maydonlarni o‘zlashtirish huquqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi.





