
Qozog‘iston Afg‘onistonni bozorga bog‘laydi — Transafg‘on temir yo‘lini qurishga kelishib olindi
15.07.2025 | 19:4027973
Qozog‘iston Transafg‘on temir yo‘lini qurish bo‘yicha Afg‘oniston bilan strategik kelishuvga erishdi. Loyiha orqali Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lash, tovar ayirboshlash hajmini 3 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Qozog‘iston va Afg‘oniston Transafg‘on temir yo‘lini qurish yuzasidan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu boshchiligidagi delegatsiyaning Qobulga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida ma’lum qilindi.
Loyiha doirasida Qozog‘iston Turg‘undi - Hirot yo‘nalishiga sarmoya kiritish va Afg‘oniston bilan savdo aylanmasini yiliga 3 milliard dollargacha yetkazish niyatini bildirgan.
Muzokaralar chog‘ida Qozog‘istonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, yoqilg‘i va o‘g‘itlarini Afg‘onistonga yetkazib berish, evaziga afg‘on mahsulotlarini import qilish masalalari ham muhokama qilingan.
Shuningdek, Nurtleu Qozog‘iston universitetlarida afg‘on talabalari uchun kvotalarni oshirishni taklif etgan. Bu ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish orqali mintaqaviy yaqinlashuvga xizmat qilishi mumkin.
Rasmiy Ostona ayni paytda toliblar hukumatini terrorchilar ro‘yxatidan chiqargan holda, ular bilan iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni chuqurlashtirish siyosatini olib bormoqda. Qozog‘iston rasmiylari Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiyotga integratsiyasini qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qilgan.





