
Qozog‘iston BRICSga a’zo bo‘lishdan bosh tortdi
31.05.2025 | 11:0020334
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev BRICS tashkilotiga a’zo bo‘lish niyati yo‘qligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat tashkilotda kuzatuvchi maqomini saqlab qoladi va unga to‘laqonli a’zo bo‘lish hozircha maqsadga muvofiq emas.

Qozog‘iston BRICS tashkilotiga qo‘shilishdan bosh tortdi. Prezident Qasim-Jomart To‘qayev Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida mamlakat hozircha kuzatuvchi maqomida qolishini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bunday qaror pragmatik yondashuv natijasi bo‘lib, BRICSda a’zolikka oid aniq qoidalar va tuzilmalar mavjud emas.
To‘qayevning fikricha, tashkilotning ustavi, doimiy kotibiyati va aniq dasturlari yo‘q. Shu sababli Qozog‘iston hozircha faqat kuzatuvchi maqomida qoladi. U: «Kelajakda BRICS xalqaro tashkilot sifatida qay darajada samarali bo‘lishini kuzatamiz», — dedi.
Prezident maslahatchisi Berik Valining 2024 yil oktyabrida ma’lum qilishicha, Qozog‘istonga BRICSga qo‘shilish taklif qilingan, biroq To‘qayev bu qadamdan voz kechgan. Uning aytishicha, qaror milliy manfaatlar nuqtai nazaridan qabul qilingan va mamlakat BMTni barcha xalqaro muammolarni muhokama qilish uchun eng to‘g‘ri platforma deb biladi.
Qozog‘iston 2025 yil 1 yanvardan BRICSning rasmiy hamkori maqomini olgan. 2006 yilda tashkil etilgan BRICSga hozirda Rossiya, Braziliya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika, BAA, Eron, Misr, Efiopiya va Indoneziya a’zo.
2025 yil boshida tashkilot yangi a’zolar qabul qilish jarayonini vaqtincha to‘xtatganini e’lon qildi. Sabab sifatida a’zolar soni ortishi bilan bog‘liq institutsional muammolar ko‘rsatilgan.
Ayni paytda, BRICS AQSH prezidenti Donald Trampning tashkilot a’zolariga nisbatan yuz foizlik boj joriy etish tahdidi ortidan bosim ostida qoldi. Shu tahdidlardan so‘ng Rossiya birgalikda yangi valyutani joriy qilish g‘oyasidan voz kechdi. 2025 yil 13 fevralda esa Tramp: «BRICS tamom», — deb bayonot berdi.





