
Qozog‘iston dunyodagi eng qimmat metallni eksport qilmoqda
14.07.2025 | 20:2040984
Qozog‘iston dunyoda faqat o‘zida ishlab chiqariladigan, har grammi 10 ming dollarga baholanayotgan osmiy-187 orqali global metall bozorida noyob o‘rinni egallamoqda. Ushbu metall metall oltindan 300 barobar va platinadan 400 barobar qimmatroq.

2025 yil ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi eng qimmat metall — osmiy-187 faqat Qozog‘istonda qazib olinib, shu yerda eksport qilinadi. Uning bir grammi 10 ming dollargacha yetishi mumkin. Bu haqda El.kz xabar berdi.
Qayd etilishicha, bozorda ushbu metallning taklif hajmi cheklangani sabab, avvallari 1 gramm narxi 100–200 ming dollargacha yetgan hollar ham kuzatilgan.
Osmiy-187 — platina guruhiga mansub izotop bo‘lib, kumush-oq rangda va ko‘kish jiloga ega. Metallni ajratib olish jarayoni o‘ta murakkab: yuqori haroratda qayta ishlash, maxsus reaksiyalar va qattiq nazorat talab qilinadi. Bundan tashqari, osmiyning ayrim shakllari inson salomatligi uchun xavfli bo‘lishi sababli uning ishlanishi yuqori standartlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Metall asosan Qozog‘istonning Ulitau viloyatida joylashgan rudalardan olinadi. U yerdagi rudalardan 100 grammda bor-yo‘g‘i 0,02 foizgina osmiy ajratib olinadi — bu ko‘rsatkich dunyodagi eng yuqori daraja hisoblanadi. Bu metall oltindan 300 barobar va platinadan 400 barobar qimmatroq.
Osmiy-187ning qimmatligi nafaqat uning kamyobligi, balki o‘ziga xos texnik xususiyatlari bilan bog‘liq. U yuqori zichlikka, mustahkamlikka, korroziyaga chidamlilikka ega bo‘lib, kosmik kemalar detallarida, tibbiy implantlarda va elektr uskunalarida ishlatiladi.
Shuningdek, osmiy dori vositalari — xususan, kortizon sintezida katalizator sifatida, shuningdek, eksklyuziv yuvelir buyumlarida ham qo‘llaniladi. Germaniyadagi Osmiy instituti har bir kristallni maxsus kod bilan qayd etib, uning haqiqiyligini kafolatlaydi.
Qozog‘istonda osmiy-187 ishlab chiqarish davlat monopoliyasi hisoblanadi va uning tayyorlanish jarayoni davlat sirlari qatorida saqlanadi. Bu metall faqat Qozog‘istonda tozalangan holda eksport qilinadi. Rossiya, Kanada, Avstraliya va Janubiy Afrika kabi davlatlar ham osmiy ishlab chiqaradi, ammo ular tozalangan izotop emas, balki aralash shaklda foydalanadi.





