
Qozog‘iston ixtiyoriy hududiy mudofaa polklarini tuzmoqda
11.06.2025 | 13:401652
Qozog‘istonda hududiy mudofaa kuchlarini rasman shakllantirish boshlandi. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev harbiy rahbariyat bilan uchrashuvda milliy xavfsizlik sohasida hududiy mudofaa va maxsus operatsiyalar kuchlarini rivojlantirishni ustuvor vazifalar qatoriga kiritdi.
Yangi tuzilmalarni yaratish uchun asos 2025 yil aprelida Majilis qabul qilgan qonun bo‘ldi. Unga ko‘ra hududiy mudofaa bo‘linmalari ixtiyoriylik asosida tuziladi. Ular aholi punktlari va strategik inshootlarni qo‘riqlash, mustahkamlanish ishlari, aholini evakuatsiya qilish va inqirozli vaziyatlarda ichki barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan vazifalarni bajaradi.
Agar zarurat tug‘ilsa, hududiy mudofaa tuzilmalari Qozog‘iston Qurolli Kuchlari tarkibiga kiritilib, jangovar operatsiyalarda ishtirok etishi mumkin. Prezident To‘qayev bu loyiha zamonaviy geosiyosiy tahdidlarga javob ekanini va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Ayni paytda Mudofaa vazirligi tashkilotchilik tuzilmasini ishlab chiqish, ko‘ngillilarni tanlash va tayyorlash ishlarini boshlab yubordi. Birinchi polklar yaqin oylarda to‘liq faoliyat yuritishi kutilmoqda.





