add

Qozog‘iston kriptovalutani legallashtirib, bank tizimini yangilamoqda

Qozog‘iston moliya sektorini tubdan yangilaydigan yangi qonun qabul qildi: kriptovalyuta legallashtirildi, banklar uchun talablar qayta ko‘rib chiqildi, davlat puli tejaladi.

Qozog‘iston kriptovalutani legallashtirib, bank tizimini yangilamoqda

Qozog‘iston prezidenti mamlakat moliya tizimida so‘nggi besh yilda olib borilgan islohotlarni yakunlovchi «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi yangi qonunni imzoladi. Hujjat raqamli aktivlarni qonuniy maqomga ega qildi, kichik banklar uchun talablarni yumshatdi hamda muammoli moliya muassasalarini qutqarishni davlat emas, ularning egalari zimmasiga yuklaydi.

 

Kriptovaluta va raqamli tanga

Qonunning eng muhim yangiligi — raqamli aktivlarning rasman tan olinishi. Qozog‘iston o‘zini mintaqaviy kriptomarkaz sifatida ko‘rishni maqsad qilgan.

Yangi qoidalarga ko‘ra, ta’minlanmagan raqamli aktivlar — kriptovalutalar bilan shug‘ullanuvchi platformalar litsenziyalanadi. Ularning faoliyatini ruxsatlash va nazorat qilish vakolati mamlakat Markaziy bankiga beriladi.

Shu bilan birga, qonun pul bilan ta’minlangan raqamli moliyaviy aktivlar — steyblkoinlar tushunchasini joriy qiladi. Ularni chiqarish tartibi ham Qozog‘iston Markaziy banki tomonidan belgilanadi.

Alohida e’tiborga molik jihat — raqamli tanga rasman milliy valutaning uchinchi shakli sifatida tan olindi. Endi u naqd va naqdsiz pullar bilan bir qatorda qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi.

 

Banklar uchun yangi imkoniyatlar

Yangi qonun banklarga IT-sektor, elektron tijorat va telekommunikatsiya kompaniyalariga investitsiya kiritishga ruxsat beradi. Bu moliyaviy superilovalar va raqamli ekotizimlarni rivojlantirishga yo‘l ochadi.

Qonun raqobatni kuchaytirish maqsadida banklar uchun proporsional tartibga solishni joriy qiladi.

Yirik banklar to‘liq litsenziya asosida ishlaydi va qat’iy talablar hamda kuchaytirilgan nazoratga duch keladi. Kichik banklar va neobanklar esa bazaviy litsenziya olishi mumkin — ular uchun kapital, hisobot va tekshiruv talablari yengilroq, ammo aktivlar hajmi cheklangan bo‘ladi.

 

Islom moliyasiga yo‘l ochildi

An’anaviy banklarga endi islom moliyasi xizmatlarini ko‘rsatuvchi maxsus bo‘limlar — «islomiy darchalar» ochishga ruxsat berildi. Bunda shariatga muvofiqlik kengashi tashkil etilishi va alohida hisob yuritilishi shart.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, jahonda islom moliyasi aktivlari 3 trln dollardan oshib ketgan va sohada yillik o‘sish 10–12 foizni tashkil etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid