
Qozog‘iston «O‘ztransgaz»dan gaz tranziti uchun 2 mln dollar talab qilmoqda
Qozog‘istonning «Intergaz Markaziy Osiyo» kompaniyasi gaz tranziti bo‘yicha to‘lanmagan mablag‘ uchun «O‘ztransgaz»ga nisbatan da’vo qo‘zg‘atdi.

Qozog‘istonning QazaqGaz tarkibidagi «Intergaz Markaziy Osiyo» kompaniyasi «O‘ztransgaz»ga qarshi «Astana» Xalqaro moliyaviy markazi huzuridagi hakamlik sudiga murojaat qildi. Kompaniya O‘zbekiston gazini Qozog‘iston hududi orqali tranzit qilish uchun ko‘rsatilgan xizmatlarga daxldor taxminan 2 mln dollarlik to‘lovlar amalga oshirilmaganini ta’kidlamoqda. Da’vo Qozog‘iston tomonining texnik hisob-kitoblari va soha mutaxassislari xulosalariga asoslanib shakllantirilgani qayd etilgan.
«O‘ztransgaz» esa ayblovlarni rad etmoqda. Kompaniya tranzit hajmi aniqlanadigan o‘lchov uzeli O‘zbekiston hududida joylashganini, shu bois ikki tomon hisob-kitoblari o‘rtasida sezilarli farq mavjudligini bildirmoqda. Uning huquqiy maslahatchilari da’voni asossiz deb topib, hakamlikka qarshi talablar kiritdi.
Shundan so‘ng ish yurituvi vaqtincha to‘xtatildi va jarayonga mustaqil tashqi ekspertlar jalb etildi. Ekspert xulosalari asosida bahsni hal etishning keyingi bosqichlari belgilanishi kutilmoqda. Hozircha ikki davlat kompaniyalari o‘rtasidagi texnik va moliyaviy kelishmovchiliklar mavjud bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning o‘n oyida mamlakat gaz eksporti 568,2 mln dollarga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,1 foizga oshgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston 2023 yildan beri Rossiya gazini Qozog‘iston hududi orqali «Markaziy Osiyo – Markaz» tizimi bo‘yicha teskari yo‘nalishda import qila boshlagan.
2024 yilda mamlakatga 5,64 mlrd kub metr gaz yetkazib berilgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 7,7 mlrd kub metrgacha oshishi kutilmoqda. Tranzit miqdorining o‘sishi ikki tomon o‘rtasidagi hisob-kitoblarni yanada murakkablashtirayotgani aytilmoqda.





