add

Qozog‘iston Trampning Tinchlik kengashiga kirish uchun 1 mlrd dollar to‘lamadi

Qozog‘iston prezidenti Davosda Tinchlik kengashi ustavini imzoladi, biroq mamlakat ushbu tuzilmaga hech qanday moliyaviy badal to‘lamasdan qo‘shilgan.

Qozog‘iston Trampning Tinchlik kengashiga kirish uchun 1 mlrd dollar to‘lamadi

Qozog‘iston AQSH prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan Tinchlik kengashiga hech qanday moliyaviy badal to‘lamasdan qo‘shilgan. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmatiga tayanib «Kazinform» davlat axborot agentligi xabar berdi.

«Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lish uchun faqat davlatning suveren qarori talab etiladi. Kengashga kirgan paytdan boshlab davlatning unda bo‘lish muddati uch yilni tashkil qiladi. Ustavda tilga olingan 1 milliard AQSH dollari miqdoridagi ixtiyoriy badal a’zolik sharti hisoblanmaydi. Bu har bir ishtirokchining huquqidir», — deyiladi Oqo‘rda matbuot xizmati xabarida.

Tushuntirilishicha, agar 1 milliard dollar miqdoridagi badal birinchi yil ichida to‘lansa, davlat belgilangan uch yillik muddatdan tashqari kengashda qolish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

«Qozog‘iston Tinchlik kengashiga hech qanday moliyaviy badal to‘lamasdan kirdi, bu esa ustav qoidalariga to‘liq mos keladi», — deya ta’kidladi Oqo‘rda.

22-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham Tinchlik kengashi ustavini imzoladi. Marosimda Qozog‘iston prezidenti bilan birga 18 ta davlat rahbarlari va vakillari ishtirok etdi. Hujjatni imzolaganlar orasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bor edi. O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Komilov mamlakatning Tinchlik kengashiga qo‘shilishi milliy xavfsizlik masalalari bilan bog‘liq ekanini tushuntirdi.

«Bloomberg» agentligining yozishicha, AQSH rahbariyati Tinchlik kengashida doimiy o‘rin olishni istagan davlatlardan kamida 1 milliard dollar miqdorida badal kiritishni so‘ragan.

Teglar

Mavzuga oid