
Qozog‘iston YAIM ko‘rsatkichi bo‘yicha Rossiyani ham ortda qoldirdi
14.08.2025 | 21:0043212
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston joriy narxlarda jon boshiga yalpi ichki mahsulot (YAIM) ko‘rsatkichi bo‘yicha Rossiyadan ilgarilab, Boltiqbo‘yi davlatlarini hisobga olmaganda, eng boy sobiq sovet mamlakatiga aylandi.

XVJning 2025 yil aprel oyi holatidagi tahlillariga ko‘ra, Qozog‘istonda jon boshiga YAIM 14 770 dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich Rossiyada 14 260 dollar, O‘zbekistonda esa 3 510 dollar bo‘lgan.
«E’tiborlisi, jon boshiga YAIM ko‘rsatkchini 1992 yilda O‘zbekiston 209,5 dollardan, Qozog‘iston 168,6 dollardan, Rossiya esa 482 dollardan boshlagan», deydi iqtisodchi Otabek Bakirov.
Shundan beri Qozog‘iston bosqichma-bosqich iqtisodiy ko‘rsatkichlarini oshirib, oxir-oqibat Rossiyani ortda qoldirdi.
Rossiya eng yuqori natijani Qrim anneksiyasidan oldin, 2013 yilda qayd etgan — o‘shanda jon boshiga YAIM 15 910 dollarga yetgan. Biroq keyingi yillarda iqtisodiy tahdidlar, sanksiyalar va inflyatsiya ta’sirida bu ko‘rsatkich pasayib, hozirda 12 yil avvalgi darajadan ham past holatga kelgan.





