Logo

Qozog‘istonda aholining real daromadlari pasaydi

Bugun 14:052 daqiqa

Qozog‘iston hukumati 2025 yil yakunlariga ko‘ra aholining real daromadlari 1,1 foizga kamayganini ma’lum qildi.

Qozog‘istonda aholining real daromadlari pasaydi © Olga Ibrayeva, Orda.kz

Qozog‘istonda aholining real daromadlari 2025 yilda 1,1 foizga pasaydi. Bu haqda mamlakat Milliy iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari Azamat Amrin ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha kompleks rejani yangilagan. Dastur fuqarolarning turmush darajasini yaxshilash, ish haqlarini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va bandlikni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.

Shu bilan birga, ilk bor inflatsiya va aholining qarzdorlik darajasini kamaytirishga qaratilgan choralar ham dasturga kiritilgan. Rasmiylarga ko‘ra, aynan shu ikki omil aholining xarid qobiliyati va real daromadlariga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda.

Daromadlarga bosim


Azamat Amrinning ta’kidlashicha, davlat bir vaqtning o‘zida ham ish haqlarini oshirish, ham aholining xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha ish olib bormoqda.

«2024 yil yakunlariga ko‘ra real daromadlar 2,4 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich minus 1,1 foizni tashkil qildi», dedi u.

Rasmiyning fikricha, yuqori inflatsiya va aholining qarz yuki mamlakatdagi daromadlar o‘sishini cheklab qo‘yayotgan asosiy iqtisodiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda.

Eng kam ish haqi

Hukumat avvalroq eng kam ish haqini oshirish rejasini e’lon qilgan edi. Biroq hozircha uning aniq miqdori ma’lum emas.

Amrinning aytishicha, qaror budjet imkoniyatlari va iqtisodiy hisob-kitoblar yakunlangach qabul qilinadi. 2025 yil bo‘yicha yakuniy statistik ma’lumotlar 1-avgust kuni e’lon qilinadi. Shuningdek, 2026 yilning birinchi yarim yilligi natijalari ham tahlil qilinib, 2027 yil davlat budjeti shakllantirilishida asos sifatida xizmat qiladi.

Shundan keyingina hukumat eng kam ish haqini qay darajada oshirish mumkinligini aniq belgilaydi.

Teglar

Mavzuga oid