Logo

«Wildberries» Rossiyadagi dron hujumlaridan keyin Qozog‘istondan 100 ming kvadrat metr ombor izlamoqda

Bugun 16:533 daqiqa

Mamlakatda sifatli omborlar maydoni 2,4 mln kvadrat metrni tashkil etadi, shundan atigi 130 ming kvadrat metri bo‘sh. Bu maydonlar ham turli shaharlarga tarqalgan bo‘lib, yagona 100 ming kvadrat metrlik obyekt mavjud emas.

«Wildberries» Rossiyadagi dron hujumlaridan keyin Qozog‘istondan 100 ming kvadrat metr ombor izlamoqda © Foto: Kommersant

Rossiyaning eng yirik marketpleyslaridan biri «Wildberries» Qozog‘istonda 100 ming kvadrat metrga yaqin ombor maydoni ijaraga olish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Manbalarga ko‘ra, kompaniya mamlakatdagi mavjud bo‘sh omborlarning deyarli barchasini ijaraga olishga tayyor. Bu haqda «Kommersant» xabar berdi.

Bu qarorga Rossiyada «Wildberries» omborlariga dronlar hujumlari ko‘paygani sabab bo‘lgan. Kompaniya xavfni kamaytirish uchun ayrim sotuvchilar tovarlarini Qozog‘iston omborlariga ko‘chirishni rejalashtirmoqda.

«Wildberries» bu ma’lumotga to‘liq izoh bermagan, ammo Qozog‘istonda logistika infratuzilmasini kengaytirish ishlari reja asosida davom etayotganini bildirdi. Hozirda Olmaota shahrida 100 ming kvadrat metrdan ortiq, Ostonada esa 160 ming kvadrat metrlik yangi logistika markazlari qurilmoqda.

Qozog‘istonda bunday obyektni topish oson bo‘lmaydi

Shu bilan birga, Qozog‘istonda bunday hajmdagi bo‘sh omborlarni topish oson emas. «NF Group» ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil oxirida mamlakatda 1,9 mln kvadrat metr sifatli logistika maydoni mavjud bo‘lgan, ammo ularning atigi 5,8 foizi bo‘sh edi.

Mamlakatda sifatli omborlar maydoni 2,4 mln kvadrat metrni tashkil etadi, shundan atigi 130 ming kvadrat metri bo‘sh. Ombor ijarasining o‘rtacha narxi oyiga har kvadrat metr uchun 5,18 ming tenge (10,78 dollar), yillik hisobda esa 130 dollarni tashkil etadi. Bu maydonlar ham turli shaharlarga tarqalgan bo‘lib, yagona 100 ming kvadrat metrlik obyekt mavjud emas.

Omborlarni ijaraga olish ham arzon emas. Qozog‘istonda ijara narxlari deyarli Moskvadagi narxlar bilan tenglashgan. Mutaxassislar fikricha, Qozog‘iston omborlariga tovarlarni ko‘chirish logistika xarajatlarini kamaytirmaydi. Biroq Rossiya, Qozog‘iston va Belarus Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lgani uchun tovarlar bu davlatlar o‘rtasida erkin harakatlanishi mumkin.

Shu bilan birga, «Wildberries» Rossiyada ham yangi omborlar qidirishda davom etmoqda. Ammo ko‘plab ombor egalari kompaniyaga binolarini ijaraga berishni istamayapti. Sabab — «Wildberries» obyektlari dron hujumlari uchun ehtimoliy nishonga aylangani va standart sug‘urta polislari bunday hujumlardan kelgan zararni qoplamasligidir. Ekspertlar ta’kidlashicha, dron hujumlarini qamrab oladigan sug‘urta juda qimmat va amalda sanoat obyektlari uchun deyarli mavjud emas. Shuning uchun ombor egalari xavfni o‘z zimmasiga olishni istamayapti.

«Wildberries»ga hujumlar

18-iyuldan boshlab Ukraina Moskva viloyatining Elektrostal shahri (250 ming kv. m), Tambov viloyatining Kotovsk shahri (108 ming kv. m), Krasnodar (100 ming kv. m), Stavropol o‘lkasining Nevinnomissk shahri (94 ming kv. m), shuningdek Sankt-Peterburg, Leningrad viloyati va Ryazandagi «Wildberries» omborlariga hujum qildi. Omborlardagi tovarlarning katta qismi kredit hisobidan xarid qilingan bo‘lib, ular uchun soliqlar to‘langan va yetkazib beruvchilar oldidagi majburiyatlar saqlanib qolgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hujumlarni omborlarda go‘yoki dronlar uchun ehtiyot qismlar va navigatsiya uskunalari saqlangani bilan izohlagan. «Wildberries» Ukraina hujumlaridan jabr ko‘rgan sotuvchilarga tovon to‘lashni boshladi. Marketpleys ofertasiga ko‘ra, kompaniya dron hujumlari uchun javobgar emas. Shunga qaramay, kompaniya rahbari Tatyana Kim sotuvchilarni «yolg‘iz qoldirmasligini» bildirdi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, iqtisodiy zarar kamida 180 mlrd rublni (taxminan 2 mlrd 263 mln dollar) tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina «Wildberries»ning yana uchta omboriga zarba bergandi.

Teglar

Mavzuga oid

«Wildberries» Rossiyadagi dron hujumlaridan keyin Qozog‘istondan 100 ming kvadrat metr ombor izlamoqda | Vaqt.uz