add

Qozog‘istonda noqonuniy kripto-birjalarga ov boshlandi

09.10.2025 | 11:1727474

Qozog‘istonda 130 ta noqonuniy kripto-birja yopilib, 16,7 million dollarlik aktivlar musodara qilindi. Bu haqda mamlakat Moliya monitoringi agentligi (MMA) rais o‘rinbosari Kayrat Bijanov hukumati yig‘ilishida ochiqladi.

Qozog‘istonda noqonuniy kripto-birjalarga ov boshlandi
Qozog‘iston hukumati yig‘ilishida Moliya monitoringi agentligi (MMA) rais o‘rinbosari Kayrat Bijanovning aytishicha, mamlakatda 130 ta noqonuniy kriptovalyuta birjasi faoliyati to‘xtatilgan va 16,7 million dollarlik virtual aktivlar musodara qilingan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yopilgan platformalar jinoyat yo‘li bilan olingan mablag‘larni yuvishda gumon qilinmoqda. Qozog‘iston qonunchiligiga binoan, faqat Astana Financial Services Authority (AFSA) tomonidan litsenziya olgan va mahalliy bank tizimiga integratsiyalashgan kripto-birjalar qonuniy hisoblanadi. Qolganlari esa noqonuniy deb baholaniladi. Bijanovning ta’kidlashicha, MMA noqonuniy kripton-operatsiyalarga qarshi choralarni kuchaytirgan. 2024 yilda 24 milliard tenge (43 million dollardan ortiq) aylanmaga ega 81 ta noqonuniy guruh fosh etilgan. U, shuningdek, bankomatlar hanuz moliyaviy tizimdagi eng zaif nuqtalardan biri ekanini qayd etgan. «Cheklovlarga qaramay, naqd pul yechib olish hajmi ortishda davom etmoqda — yil boshidan buyon 13,2 trillion tenge (24,1 milliard dollar) naqdlashtirilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 1 trillion tengega ko‘p», deydi agentlik mulozimi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, noqonuniy tranzaksiyalarni kamaytirish maqsadida MMA va Qozog‘iston Markaziy banki yangi qoidalarni joriy qilgan edi. Jumladan, 500 ming tenge (913 dollar)dan ortiq summani karta orqali to‘ldirish uchun shaxsiy identifikatsiya raqami va mobil ilova orqali tasdiqlash talab etiladi, banklar bankomat yozuvlarini kamida 180 kun saqlashi shart hamda barcha naqd operatsiyalar uchun biometrik identifikatsiya (yuzni yoki barmoq izini tanish) tizimi kengaytiriladi. Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston o‘z milliy steyblkoini — Evo (KZTE)ni sinov tariqasida ishga tushirgan edi. U milliy valyuta — tengega bog‘langan bo‘lib, raqamli to‘lovlar tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid