
Qozog‘istondagi xabarlar neft narxining pasayishiga olib keldi
30.05.2025 | 09:302603
Neft narxi OPEC+ yig‘ilishi arafasidagi noaniqliklar va AQSH sudining qaroridan so‘ng yuzaga kelgan sarmoyadorlar skepsisi ortidan keskin pasaydi. Bu haqda ProFinance.Ru xabar tarqatdi.

Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Alibek Jamauovning aytishicha, 1 iyuldan boshlab neft qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha qaror shanba kuni qabul qilinadi. Ammo hozircha aniq raqamlar ma’lum emas — kunda 400 mingdan 600 ming barrelgacha bo‘lishi mumkin. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, OPEC+ davlatlari bozordagi ulushini saqlash maqsadida shoshilinch ravishda qazib olish hajmini oshirish masalasini muhokama qilmoqda.
ING tahlilchilari guruh 411 ming barrellik kunlik o‘sishga kelishishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bunday sur’at uchinchi chorak oxirigacha saqlanishi mumkin.
Shu bilan birga, Venesuelada Chevron kompaniyasi faoliyati to‘xtatilgani ham taklif tomondan xavflarni oshirdi. Bu mamlakatda kompaniya kunda 290 ming barrel neft eksport qilardi. Bundan tashqari, Kanadadagi yomg‘irsizlik va o‘rmon yong‘inlari tufayli Alberta provinsiyasida qisman evakuatsiya amalga oshirildi va neft qazib olish vaqtincha to‘xtatildi.
Bu orada, bozor AQSHning API va EIA tashkilotlari tomonidan e’lon qilinishi kutilgan haftalik zaxiralar hisobotiga ham katta e’tibor qaratmoqda. Ilk ma’lumotlarga ko‘ra, benzin va xom neft zaxiralari kamaygan, distillatlar esa ko‘paygan.
Rystad Energy tahlilchisi Mukesh Shahdevga ko‘ra, maydan avgustgacha suyuq yoqilg‘iga talab taklifdan kunlik 600–700 ming barrelga oshib ketishi mumkin.





