add

QQS tizimda ishlayotgan korxonalarga bir yillik imtiyoz beriladi

20.08.2025 | 17:30116115

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqotda qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) tizimida ishlashni yengillashtirish va biznes uchun qulay sharoit yaratish maqsadida yangi choralarni e’lon qildi.

QQS tizimda ishlayotgan korxonalarga bir yillik imtiyoz beriladi
Ma’lumotlarga ko‘ra, QQS stavkasi 12 foizga tushirilgandan keyin bu rejimda ishlayotgan korxonalar soni ortib bormoqda. Biroq ayrim tadbirkorlar hisob-kitob murakkabligi, buxgalter olish zarurati va xarajatlar ko‘payishi haqida shubhalanmoqda. Shuning uchun aylanma soliqdan QQSga o‘tadigan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘i to‘lashdan ozod etiladi. Hisobotlarda xatolikka yo‘l qo‘yilsa ham, jarima qo‘llanmaydi. Bundan tashqari, buxgalterlar maoshining 5 mln so‘mgacha qismi olti oygacha to‘lanadigan soliqdan chegirib tashlanadi. Hozirda 20 mingdan ziyod korxonada 16 trln so‘mlik xatolar aniqlangan.   Soliq hisobotlari tadbirkorlar uchun yengillashtiriladi Yangi tartibga ko‘ra, tadbirkorlarning yer, mol-mulk, ijtimoiy va daromad soliqlari hisobotlarini shakllantirish majburiyati bekor qilinadi. Bu hisobotlarni soliq organlari o‘zi bepul to‘ldirib beradi. Tadbirkorlar esa 5 kun ichida ularga tuzatish kiritish huquqiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, hisobot kechiktirilganda kichik va yirik biznes uchun bir xil jarima qo‘llanishi hamda har bir hisobot turi uchun alohida jarima belgilanishi tadbirkorlarning asosiy e’tirozi bo‘lib kelayotgani qayd etildi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 1 noyabrdan boshlab taqdim etilmagan yoki kechiktirilgan soliq hisobotlari nechta bo‘lishidan qat’i nazar, yagona jarima qo‘llanadi. Eng muhimi, kichik biznes uchun jarima miqdori uch barobarga kamaytiriladi.   O‘zbekistonda Investitsiya kodeksi qabul qilinadi Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqotda investitsiya muhitini yanada jozibador qilish uchun yangi qonun hujjati ishlab chiqilishini ma’lum qildi. «Qayerda qonun ustuvor bo‘lsa, o‘sha yerda biznes rivojlanadi va investitsiya muhiti mustahkam bo‘ladi. Mamlakatda ishbilarmonlar sinfi shakllanib, ular shunchaki tadbirkor emas, balki iqtisodiyot va hududlarning rivojiga hissa qo‘shayotgan faol investorlarga aylanmoqda» — dedi Prezident. Barcha qoida va kafolatlarni yagona tizimga soladigan Investitsiya kodeksini qabul qilish taklif etildi. Yangi hujjat sarmoya kiritish jarayonlarini soddalashtirish va investitsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan bo‘ladi.   Sud mustaqilligi va «astrent» tizimi joriy etiladi «Barcha islohotlarimiz negizida, eng avvalo, inson qadri, tadbirkorlarimizning manfaatlari yotibdi. Shu bois sud mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qat’iy siyosat olib boramiz. bugungi tadbirkor, bu – kechagi tadbirkor emas. Ularning huquqiy savodxonligi oshganini sudlarga murojaat ko‘payganida ham ko‘rish mumkin» — dedi davlatimiz rahbari. Endi tadbirkorlar iqtisodiy va ma’muriy sudlarga eksterritorial tartibda murojaat qila oladi. Bu tartib ularga o‘z huquqlarini himoya qilishda yanada keng imkoniyat yaratadi. Shu bilan birga, moddiy zararni undirish bo‘yicha sud qarorlarining ijrosi kechikishayotgani qayd etildi. Prezident ta’kidlaganidek, har bir kechikkan kun tadbirkorning zarariga ishlayapti. Mazkur muammoni hal etish uchun xalqaro amaliyot asosida “astrent” tizimi joriy qilinadi. Unga ko‘ra, moddiy zarar qoplanishi kechiktirilgan har bir kun uchun qarzdor hisobidan penya undiriladi va bu tartib sud qarorida aniq ko‘rsatib qo‘yiladi.   Litsenziya va ruxsatnomalar qisqartiriladi, tadbirkorlar xarajatlari tejaladi So‘nggi yillarda O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyati uchun qator byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi. Aholi va biznesdan talab qilinadigan 120 turdagi hujjat bekor qilindi, shuningdek, shuncha litsenziya raqamlashtirildi. Faqat o‘tgan yilining o‘zida 16 turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinib, tadbirkorlar 350 milliard so‘mlik ortiqcha xarajatdan xalos bo‘ldi. Yangi qonunchilik islohotlariga ko‘ra, 2026 yildan yana 10 turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinadi. Xususan, auditorlik tashkilotlari, turizm sohasidagi hunarmandlar, turistik axborot markazlari hamda transport texnik ko‘rigini amalga oshiradigan tadbirkorlar uchun faoliyat xabardor qilish tartibi asosida tashkil etiladi. Shu bilan birga, amaldagi tartibda litsenziya yoki ruxsatnoma qoidalarini buzgani uchun ham korxona, ham uning rahbariga jarima qo‘llanar edi. Yangi tizimga ko‘ra esa bunday holatlarda faqat korxonaning o‘zi jarima to‘laydi. Mansabdor shaxs javobgarligi esa tegishli boshqaruv organi tomonidan mustaqil hal etiladi.   2026 yildan «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tizimi joriy etiladi O‘zbekistonda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning yangi bosqichi yo‘lga qo‘yiladi. Prezident ma’lumoticha, 2026 yildan «Biznesni 15 daqiqada boshlash» tamoyili asosida tadbirkorlik faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish imkoni yaratiladi. Yangi tartibga ko‘ra, tadbirkorni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining o‘zidayoq qator xizmatlar avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Jumladan, elektron raqamli imzo beriladi, bank hisobraqami ochiladi, tadbirkorning xohishiga ko‘ra ijara shartnomasi rasmiylashtiriladi, kassa apparati soliq organida ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda tegishli davlat organlariga elektron xabarnoma yuboriladi. Bu islohot tadbirkorlikka kirishishdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishi kutilmoqda. Hozirgi kunda ushbu jarayonlar uchun bir hafta vaqt sarflansa, 2026 yildan bu muddat barcha jarayonlarni qamrab olgan holda bor-yo‘g‘i 15 daqiqaga qisqaradi.   Sertifikatsiya talabi qisqardi, mahsulot sifatida bozor nazorati joriy etiladi O‘zbekistonda sanitariya, veterinariya va karantin nazoratida bo‘lgan ko‘chat, mineral o‘g‘it, poyabzal, chorva ozuqasi kabi 32 toifadagi mahsulotlar uchun majburiy muvofiqlik sertifikati bekor qilinadi. Prezident ta’kidlaganidek, majburiy sertifikatlanishi lozim bo‘lgan tovarlar ro‘yxati avval 459 taga qisqartirilgan bo‘lsa, yana 288 taga kamaytiriladi. Yangi tartibga ko‘ra, mahsulotlar xavfsizligi va sifatini ta’minlash, uni baholash bilan bog‘liq milliy infratuzilma tubdan isloh qilinib, xalqaro standartlarga moslashtiriladi. Bu jarayonda sertifikatsiya o‘rniga muvofiqlikni deklaratsiyalash amaliyoti keng joriy etiladi. «Texnik jihatdan tartibga solish tizimi butunlay transformatsiya qilinadi. Mamlakatimizga dunyodagi eng nufuzli xalqaro tan olingan laboratoriyalar kirib kelishi uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Endi, mahsulotlar sifati bo‘yicha «bozor nazorati» tizimiga o‘tamiz. Bundan keyin nazorat ob’ekti tadbirkor emas, balki bevosita mahsulotni o‘zi bo‘ladi» — dedi Prezident.   Oziq-ovqat nazorati yagona tizimga birlashtiriladi O‘zbekistonda «Daladan-dasturxongacha» tamoyili asosida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi. Prezident ta’kidlaganidek, sanitariya, veterinariya va karantin organlarining nazorat-laboratoriya funksiyalari yagona tizimga birlashtirilib, to‘liq raqamlashtiriladi. Yangi tizim orqali tadbirkorlar idorama-idora sarson bo‘lmay, barcha zarur hujjatlarni «yagona darcha» orqali oladi. Bu ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash va mahalliy korxonalarning jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi. Barcha namunaviy shartnomalar loyihalari Biznes-ombudsman, Adliya vazirligi va Raqobat qo‘mitasi tomonidan majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi.   Biznes uyushmalari qancha ko‘p bo‘lsa, tadbirkorlarni ovozi shuncha baland eshitiladi — prezident «Biznes uyushmalari qancha ko‘p bo‘lsa, tadbirkorlarni ovozi shuncha baland eshitiladi. Shu bois, o‘z sohasining jonkuyari bo‘lgan eng ilg‘or 10 nafar biznes egalari birlashib, atrofiga yosh tadbirkorlarni to‘plab, ortidan ergashtirsa, ularga biznes sirlarini o‘rgatsa, yangi bilim va texnologiyalar olib kirsa, tadbirkorlikdagi ko‘p muammolarni biznes hamjamiyatni o‘zi hal qila oladigan bo‘ladi. Bunday yo‘ldan borib, tadbirkorlarga ko‘makchi bo‘ladigan uyushmalarni doim qo‘llab-quvvatlashga tayyorman» — dedi davlatimiz rahbari Ularning aniq natijaga qaratilgan dasturlari va loyihalarini moliyalashtirish uchun har yili 10 million dollar yo‘naltiriladi. Bu biznes hamjamiyatining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid