
Qurilish korxonalariga berilgan soliq imtiyozlari ortib, to‘langan soliqlar kamaydi
O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan qurilish korxonalariga 10 oyda 2,2 trln so‘mlik soliq imtiyozlari berildi. 2025 yilda to‘langan soliqlar esa o‘tgan yilga nisbatan anchayin kamaydi.

2025 yil yanvar–oktabr oylarida qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 30 893 ta yuridik shaxs tomonidan 7 trln 157,4 mlrd so‘m soliq to‘langan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur korxonalarning 10 oylik tovar aylanmasi 148 trln 591,1 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shu jumladan, ularga nisbatan 2 trln 278,3 mlrd so‘mlik soliq imtiyozlari qo‘llanilgan.
Shuningdek, jami soliqlarning 16,7 foizi 20 ta korxona ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Ularning jami tovar aylanmasi 20,7 trln so‘mdan ziyod, ular foydalangan soliq imtiyozlari miqdori esa 410,8 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Eng ko‘p soliq to‘lagan 20 ta korxona ro‘yxatida «Discover Invest» (162,3 mlrd so‘m), «Agromir Buldings» (92,6 mlrd so‘m), «Trest-12» (86,5 mlrd so‘m) kompaniyalari yetakchilik qilgan.
2024 yilning yanvar–oktabr oylarida eng ko‘p soliq to‘laganlar ro‘yxatining kuchli uchligidan «Discover Invest» (102,4 mlrd so‘m), «UET Construction» (92,6 mlrd so‘m) va «O‘zshahar Qurilish Invest» (87,2 mlrd so‘m) korxonalari joylashgan bo‘lsa, 2025 yilda «O‘zshahar Qurilish Invest» kompaniyasi (31,1 mlrd so‘m) ro‘yxatda 19-o‘rinda, «UET Construction» esa (43,2 mlrd so‘m) ro‘yxatning 14-pog‘onasidan joy olgan.
Taqqoslash uchun, 2024 yilning yanvar–oktabr oylarida 32 489 ta qurilish korxonasi 7 trln 585,9 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Ya’ni, 2025 yilda soliqlar o‘tgan yilga nisbatan 428,5 mlrd so‘mga kamaygan.
Bundan tashqari, 2025 yilda soliq to‘lovchi qurilish korxonalari soni 1 596 taga kamaygan bo‘lsa ham, korxonalarning jami tovar aylanmasi 2024 yilning mos davriga nisbatan 22,4 trln so‘mga oshgan.
Shu bilan birga, 2025 yilning 10 oyida qurilish korxonalariga qo‘llanilgan soliq imtiyozlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 895,6 mlrd so‘mga ortgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida yirik qurilish tashkilotlari tomonidan 61,6 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan.





