
Quyosh panellari o‘rnatish: imtiyozlar, subsidiya va past foizli kreditlar
O‘zbekistonliklar uchun elektr endi arzon resurs emas. Aholi allaqachon quyosh panellari o‘rnatishni boshlab yuborgan. Banklar bu uchun imtiyozli davr bilan kredit ham taklif qilmoqda.

O‘zbekistonda elektr energiyasi narxi 2024 yilda so‘nggi yillarda ilk marta ko‘tarildi. Hukumat tomonidan elektr energiyasi iste’moli uchun tabaqalashtirilgan tizim joriy qilindi.
Shundan beri energiya narxlari yiliga kamida bir marta oshirilmoqda. Tariflar har yili inflatsiya darajasi doirasida, lekin 10 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda oshirib borilishi reja qilingan.
Ayni paytda o‘zbekistonliklar 200 kVt/soatlik limit bilan hisoblashishiga to‘g‘ri kelyapti. Buning ustiga, mamlakat bo‘ylab elektr ta’minotida uzilishlar hali ham sodir bo‘lib turibdi.
Shunday sharoitda quyosh panellarini o‘rnatish aholi uchun ham, biznes uchun ham foydali bo‘lishi mumkin.
Quyosh panellarini O‘zbekistonda bir qator yo‘llar bilan o‘rnatish imkoniyati bor. Bozorda bu xizmatni taqdim qiladigan bir qancha platformalar mavjud. «OLX.uz» kabi saytlarda ham talaygina e’lonlar bor.
Xorijiy marketpleyslardan chaqirtirish endi foydali variant emas. Sababi hozirda kurerlik jo‘natmalari orqali 200 dollargacha bo‘lgan mahsulotlarni bojsiz olib kirish mumkin. Quyosh panellari esa aksariyat hollarda bundan qimmat turadi.
Mutaxassislar quyosh elektr stansiyalari narxiga qarab 5 yildan 10 yilgacha davrda o‘zini oqlashini ta’kidlaydi. O‘rtacha qurilma 20 yil atrofida ishlab bera olishi inobatga olinsa, bu iqtisodiy jihatdan foydali qarorga aylanadi.
Panellarni maksimal samaradorlik uchun janub tomonga yo‘naltirib, soyasiz hududga o‘rnatish tavsiya qilinadi.
Subsidiya ham bor
Hukumat qarori bilan aholi uy-joylarini energiya auditidan o‘tkazish, energiya samarador qurilmalarni xarid qilish va o‘rnatishda subsidiya ajratish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.
Unga ko‘ra, aholi uy-joylariga energiya samarador qurilma va uskunalar energiya auditori xulosasi asosida o‘rnatilganda subsidiya beriladi.
Subsidiya quyidagi miqdorlarda ajratiladi:
aholi uy-joylarini energiya auditidan o‘tkazish xarajatlarining 100 foizi miqdorida;
aholi uy-joylariga quyosh panellari, geliokollektorlar hamda boshqa maishiy isitish qozonlari, qurilma va uskunalarni xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining 20 foizi miqdorida;
aholi uy-joylariga issiqlik nasoslarini xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining 40 foizi miqdorida, bunda ushbu yo‘nalishda ajratiladigan subsidiya miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan (20,6 mln so‘m) oshmasligi lozim.
Bundan tashqari, 2023 yil 1-apreldan «Quyoshli xonadon» dasturi doirasida xonadonga quyosh panellarini o‘rnatgan aholiga quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt soati uchun 1000 so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilangan.
Subsidiyani «Soliq» mobil ilovasining «Keshbek va imtiyozlar» xizmatidagi «Quyoshli xonadon» bo‘limi orqali «Kartaga pul o‘tkazish» oynasida bank kartasiga o‘tkazib olish mumkin.
2025 yilda 45 381 nafar jismoniy shaxs elektr tarmoqlariga uzatilgan quyosh energiyasi uchun 209 mlrd 201 mln so‘m davlat budjeti hisobidan subsidiya oldi.
Qanday imtiyozlar mavjud?
Quyosh panellarini o‘rnatib, undan foydalanayotgani uchun o‘zbekistonliklarga davlat tomonidan bir qator imtiyozlar berilgan.
Biznes egalari umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanganda mol-mulk va yer solig‘idan belgilangan muddatga ozod qilinadi.
Bu qurilmalar orqali umumiy tarmoqqa elektr energiyasini realizatsiya qilishdan olingan daromad uchun foyda solig‘i 0 foiz stavkada qo‘llaniladi.
Quyosh panellaridan foydalanilganda aholi uchun mol-mulk solig‘i summasi 2 BHMdan (412 ming so‘m), yer solig‘i summasi esa 1 BHMdan oshmaydigan miqdorda kamaytiriladi.
Banklar kredit ham bermoqda
O‘zbekistonda bir qator banklar tomonidan quyosh panellari va qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun past foizli «yashil» iste’mol kreditlari taklif qilinmoqda.
Bu kredit quyosh panellari, geliokollektorlar va mahalliy tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy qozonlar, gorelkalar, filtrlar hamda chang‘-gaz tozalash qurilmalarini sotib olish uchun beriladi.
Quyidagi banklar bunday kredit ajratmoqda:
Hamkorbank — 20 foiz;
Miqdori — 82,4 mln so‘mgacha;
Muddati — 3 yilga;
Telefon: 1340.
Asakabank — 20 foiz;
Miqdori — BHMning 200 baravarigacha (82,4 mln so‘m);
Muddati — 5 yilga;
Telefon: 1152.
Agrobank — 20 foiz;
Miqdori — 100 mln so‘mgacha;
Muddati — 3 yilga;
Telefon: 1216.
SQB — 20 foiz;
Miqdori — 200 mln so‘mgacha;
Muddati — 5 yilga;
Telefon: 1180.
MKBank — 20 foiz;
Miqdori — 206 mln so‘mgacha;
Muddati — 5 yilga;
Telefon: 1285.
Trastbank — 20 foiz;
Miqdori — BHMning 200 baravarigacha (82,4 mln so‘m);
Muddati — 5 yilga;
Telefon: 1287.
Ipak Yo‘li banki — 20 foiz;
Miqdori — 80 mln so‘mgacha;
Muddati — 5 yilga;
Telefon: 1296.
Kapitalbank — 24 foiz;
Miqdori — 50 mln so‘mgacha;
Muddati — 5 yilga;
Telefon: 1340.
Banklar ustiga bosib, kredit haqida batafsil ma’lumot olish yoki ko‘rsatilgan qisqa raqamlarga qo‘ng‘iroq qilish mumkin.





