
Ramzan Qodirov o‘g‘li bilan bog‘liq xabarlarga oydinlik kiritdi
Yanvar o‘rtalarida Adam Qodirov ishtirokida YTH sodir bo‘lgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgandi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘g‘li Adam Qodirov ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi haqidagi mish-mishlarni uydirma deb atadi — bu haqda siyosatchi Checheniston prokurori bilan uchrashuvda so‘z ochdi, deya yozmoqda RIA Novosti.
Ramzan Qodirov feyklarga qarshi kurashni Checheniston uchun dolzarb deb atadi.
«Sun’iy intellekt yordamida istalgan odamni aldash mumkin... Qayerdandir paydo bo‘lgan Qodirovning o‘g‘li avariyaga uchragani haqidagi uydirma jahon yangiliklarida birinchi raqamli mavzuga aylandi», - dedi u.
Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, Chechenistonga tegishli bo‘lgan ishonchsiz ma’lumotlar doim nima uchundir media sohasida alohida shov-shuvga sabab bo‘ladi.
Yanvardagi YTHga doir mish-mishlar
Eslatib o‘tamiz, yanvar o‘rtalarida tarmoqda Adam Qodirov ishtirokida YTH sodir bo‘lgani haqida ma’lumot paydo bo‘lgan edi.
«VCHK-OGPU» Telegram-kanali manbalarga tayanib xabar berishicha, dastlab og‘ir deb baholangan Adam Qodirovning ahvoli Moskvadagi Botkin shifoxonasiga yotqizilganidan keyin yaxshilangan. Kanal Adamning sog‘lig‘i haqida boshqa tafsilotlarni keltirmagan.
Biroq, NIYSO muxolifat harakati va «Novaya gazeta Yevropa» Adam hayotiga xavf tug‘dirmaydigan bir nechta arzimas jarohatlar olgani haqida yozgan. NIYSO jag‘ suyagi sinishi va yuzdagi tirnalishlar haqida xabar bergan bo‘lsa, «Novaya-Yevropa» — ehtimoliy bosh miya chayqalishi va lat yeyishlar haqida yozdi. Xavfsizlik kamarlari hamda yostiqchalari unga jiddiy jarohatlardan saqlanishga yordam bergan.
Avvalroq, «Kavkaz.Realii» YTHdan keyin Adam Grozniy kasalxonasining reanimatsiyasiga hushsiz holatda olib kelingani haqida yozgan edi. Shifoxonadagi guvohlar uning ahvoli shu qadar og‘ir bo‘lganidan Qodirovning vorisini «tanib bo‘lmasdi» deb da’vo qilishgan.
Dubayga parvozlar
«Vajnыye istorii» kanalining yozishicha, kichik Qodirov FVVning «uchuvchi gospitali»da Moskvadagi Botkin shifoxonasiga olib borilgan. O‘sha FVV borti 18-yanvar kuni ertalab avval Moskvadan Dubayga uchgan, qo‘nganidan bir yarim soat o‘tib Grozniyga yo‘l olgan, 19-yanvar kuni ertalab esa yana Moskvaga qaytgan.
Sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, Qodirovlar oilasi BAAda bir nechta villalarga egalik qiladi.
«2025 yil boshida Ramzan Qodirov Vladimir Putin bilan o‘z aktivlarining kelajagi va oila a’zolarining xavfsizligi bo‘yicha Yaqin Sharq musulmon monarxiyalari vakillari bilan kelishilmagan muzokaralarni yashirishga uringani sabab urishib qolgan edi», - deya yozgan «Vajnыye istorii» kanali.
Bundan tashqari, Ramzan Qodirov o‘g‘lining og‘ir YTHda jabrlangani haqidagi mish-mishlar fonida Adam Qodirovga mukofot topshirilgandi.





