
Ramzan Qodirovning o‘g‘li bosh vazir o‘rinbosari bo‘ldi
Checheniston rahbari to‘ng‘ich o‘g‘li Axmat Qodirovni respublika bosh vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinladi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 2026 yilning ilk kunlarida respublika ijro hokimiyatida kadrlar almashinuvi amalga oshirilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, to‘ng‘ich o‘g‘li Axmat Qodirov Checheniston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. Bu haqda The Insider nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur qaror Checheniston bosh vaziri Magomed Daudov tavsiyasi asosida qabul qilingan. Qodirovning ta’kidlashicha, tayinlov ijro hokimiyati samaradorligini oshirish va boshqaruvda yangi yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan.
Shuningdek, Axmed Dudayev ham Checheniston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari etib tasdiqlangan. U bir vaqtning o‘zida Milliy siyosat, tashqi aloqalar, matbuot va axborot vaziri lavozimini ham bajaradi. Bu o‘zgarishlar davlat siyosati va axborot sohasida boshqaruvni kuchaytirish maqsadida amalga oshirilgani qayd etilmoqda.
2005 yilda tug‘ilgan Axmat Qodirov so‘nggi yillarda tezkor siyosiy karera qilgan amaldor sifatida tanilgan:
2022 yilda Checheniston rahbarining maslahatchisi hamda «Birinchilar harakati» mintaqaviy bo‘limi raisi;
2023 yil noyabr oyida esa jismoniy tarbiya, sport va yoshlar siyosati vazirining birinchi o‘rinbosari;
2024 yilda yoshlar ishlari bo‘yicha vazir, keyin esa jismoniy tarbiya va sport vaziri;
2024 yilning may oyida u «Axmat» futbol klubi prezidenti etib belgilangan.
Shuningdek, u «Checheniston Respublikasi yoshlar siyosati sohasida xizmat ko‘rsatgan xodim» unvoni sohibi hisoblanadi.
Ramzan Qodirovning boshqa farzandlari va yaqin qarindoshlari ham respublikadagi turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda.





