add

Ramzon Qodirov o‘zining kasalligiga shama qildi va «o‘lim tabiiy yo‘l» dedi

27.05.2025 | 12:4015185

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘zining kasalligi to‘g‘risidagi mish-mishlar ortidan chiqish qilib, har qanday inson uchun o‘lim muqarrar ekani haqida gapirdi. U ijtimoiy tarmoqdagi chiqishida hayot davomida yaxshilikka chaqirdi.

Ramzon Qodirov o‘zining kasalligiga shama qildi va «o‘lim tabiiy yo‘l» dedi
Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirov o‘zining Telegram kanali orqali videomurojaat e’lon qilib, unga nisbatan tarqalayotgan kasallik haqidagi mish-mishlarga munosabat bildirdi. U videoda tarixiy minora yonidan o‘tayotgan paytda, orqa fondda uning nomidan o‘lim va hayot haqida fikrlar o‘qib eshittirildi. «Keyingi paytlarda mening kasallligim to‘g‘risida, guyoki men o‘lim bilan olishyotganim, sanoqli kunlarim qolgani haqida mish-mishlarni ko‘p eshitayapman. Birinchidan, dard va o‘lim — har bir insonning hayot yo‘li. Tiriklarning hech biri bu yo‘ldan qochib qutilolmagan. Ikkinchidan, kasallik va salomatlikka tahdid umrni qisqartirmaydi. Umrning uzunligini uni baxshida etgan Zot belgilaydi. Agar mening taqdirimda 50, 60 yoki 70 yil umr ko‘rish yozilgan bo‘lsa, har bir kunini yashayman, hech kim buni biror kunini bekor qila olmaydi», deyilgan murojaatda. Uning ta’kidlashicha, mish-mish tarqatuvchilar — jur’atsiz odamlar bo‘lib, chet elda «sichqonday yashiringan» shaxslardir. Videoga yozilgan izohda esa u har bir kun — Yaratgandan berilgan noyob ne’mat ekanini eslatdi. «So‘zlar bilan fitna qilmang, hayotni yaxshilik va samimiyat bilan to‘ldiring», — deydi u. Qodirovga hozir 48 yoshda. «Novaya gazeta. Yevropa» nashrining yozishicha, unga olti yil muqaddam shifokorlar pankreonekroz tashxisini qo‘ygan va shifo topish imkoni yo‘qligini bildirishgan. Joriy yil bahorida esa uning ahvoli jiddiy yomonlashgani va u Grozniydagi «Aymed» klinikasidan deyarli chiqmay qolgani aytilgan. Avvalroq Qodirov o‘z sog‘lig‘i bilan bog‘liq mish-mishlarni bir necha marta rad etgan. 2023 yili u Groznida sayr qilayotgan videosini e’lon qilib, internetdagi gap-so‘zlarga ishonmaslikka chaqirgan edi. Shu yil yanvarda u jamoatchilik oldida 18 kun ko‘rinish bermadi. So‘ngra Checheniston hukumati rahbari Magomed Daudov u bilan choy ichish paytidagi videoni taqdim etgan edi. May oyi boshida Qodirov Rossiya prezidenti Vladimir Putindan o‘zini lavozimdan ozod qilishni so‘rash niyati borligini bildirgan. Biroq Kremlda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng u prezident bu iltimosni rad etganini ma’lum qildi va Putinning «o‘lim haqidagi xabarlar juda ham bo‘rttirilgan» degan so‘zlarini keltirdi. Qodirov shundan so‘ng «oliy bosh qo‘mondon buyrug‘ini bajarish»ga kirishganini ma’lum qilgan.

Teglar

Mavzuga oid