
«Raqamli prokuror» axborot tizimlari kompleksi joriy qilinadi
Ma’lum qilinishicha, 2026 yil 1 dekabrdan ushbu tizimning to‘liq versiyasi ishga tushiriladi.

3 noyabr kuni prezidentning «Raqamli prokuratura – 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–204-sonli farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Quyidagilar prokuratura organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilishning asosiy maqsadlari etib belgilandi:
- 2030 yilgacha ilg‘or xalqaro tajriba asosida prokuratura organlari faoliyatining barcha yo‘nalishlarini avtomatlashtirish;
- tergov va prokuror nazorati jarayonlarini elektron shaklga o‘tkazish belgilandi.
Farmonga ko‘ra, «Raqamli prokuror» axborot tizimlari kompleksi prokuratura organlari faoliyatiga joriy etiladi. Mazkur tizim davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunlarning ijro etilishi, ular tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning Konstitutsiya va qonunlarga muvofiqligini masofaviy nazorat qilish imkonini beradi.
Shuningdek, nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarida qonunlarga rioya etilishi ustidan monitoring olib borish maqsadida «Tekshiruvlarning yagona elektron reyestri» axborot tizimining sinov versiyasi ishlab chiqiladi.
2026 yil 1 dekabrdan ushbu tizimning to‘liq versiyasi ishga tushiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq harbiy OTM bitiruvchilari ofitser lavozimlarida 5 yil davomida xizmat o‘tamasa, o‘qitish mablag‘lari undirib olinishi haqida xabar bergandik.





