
Raqobat qo‘mitasi «Beeline»dan kunlik kabonent to‘lovlarini qayta ko‘rib chiqishni talab qildi
11.06.2025 | 12:002783
O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi «UNITEL» MCHJ (Beeline) kompaniyasiga oylik va kunlik abonent to‘lovlarini yechish shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha rasmiy ko‘rsatma xati yubordi.

Bu qaror telekommunikatsiya sohasidagi iste’molchilar murojaatlarini tahlil qilish natijasida qabul qilindi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda kelib tushgan murojaatlarning 8,2 foizi va joriy yilning dastlabki 4 oyidagi 8,9 foizi aynan telekom xizmatlariga oid bo‘lgan. Ularning asosiy qismi Beeline tarmog‘i bilan bog‘liq bo‘lib, tarif oshishi, qo‘shimcha xizmatlarning majburiy ulanishi va hisob-kitob muammolariga tegishli.
Aniqlanishicha, ayrim tariflarda oylik abonent to‘lovi yechila olmagan holatda, abonent roziligisiz avtomatik ravishda kunlik to‘lov (2000 so‘m) yechiladi. Bunda ushbu xizmatni yoqish yoki o‘chirish imkoni yo‘q, hisob minusga tushiriladi va taqdim etilgan trafikdan foydalanish imkoniyati berilmaydi.
Qo‘mita ushbu amaliyot iste’molchilar huquqlarini cheklashi va qonunchilik talablariga zid ekanini ta’kidlamoqda.
Xususan:
• Abonentga xizmatni tanlash imkoni berilmayapti;
• Qarzga to‘lov yechilmoqda va raqam bloklanmoqda;
• Ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olinishi holati yuzaga kelmoqda.
Shu munosabat bilan Qo‘mita Beeline kompaniyasiga quyidagi talablarni ilgari surdi:
• Kunlik abonent to‘lovi avtomatik yechilmasligi;
• Abonentga xizmatni ixtiyoriy tanlash imkonini yaratish (masalan, USSD-kod orqali);
• Qarzga yechishni cheklash va har qanday o‘zgarishlar haqida o‘z vaqtida axborot berish.
Qo‘mita, shuningdek, iste’molchilarni telekommunikatsiya xizmatlarida qonunbuzarlik holatlariga duch kelgan taqdirda murojaat qilishga chaqirmoqda.





