
Raqobat qo‘mitasi «Korzinka» bo‘yicha murojaatlarni o‘rgandi
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan shikoyatlar asosida «Korzinka» savdo tarmog‘ining faoliyati tekshirildi.
© Фото: Yandex Maps Raqobat qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan murojaatlar asosida «Korzinka» savdo do‘konlar tarmog‘i faoliyatini o‘rganib chiqdi. Tekshiruvlar «Anglesey Food» MCHJ tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar, jumladan oziq-ovqat va sabzavot mahsulotlari sifati, xarid jarayoni, keshbeklar, savdo rastalaridagi va kassadagi narxlar o‘rtasidagi farqlar hamda buyurtma xizmatlari bilan bog‘liq masalalarni qamrab oldi.
Murojaatlarda «Korzinka» shoxobchalarida ayrim aksiyalar doirasida narxlar bo‘yicha yetarli ma’lumot berilmayotgani, kassa oldida tushunmovchiliklar yuzaga kelayotgani qayd etilgan. Jumladan, Yangihayot tumanida joylashgan filialda «Chortoq» suvi bo‘yicha chegirmalar to‘g‘risida iste’molchiga o‘z vaqtida aniq axborot taqdim etilmagani aniqlangan. Bu holat kassa oldida muammo keltirib chiqargan.
Aniqlangan kamchiliklar
Shuningdek, ayrim holatlarda xodimlarning qo‘pol muomalasi, mahsulotlarni aniq vaznlab bermaslik va xaridorga xizmat ko‘rsatishdan bosh tortish holatlari qayd etilgan. Savdo qoidalarini buzgan salat bo‘limi xodimiga nisbatan intizomiy chora qo‘llanilib, barcha sotuvchi xodimlar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.
Asaka tumanidagi «Korzinka» savdo markazida esa xarid vaqtida mahsulotlar uchun ikki barobar mablag‘ yechib olingani bo‘yicha murojaat o‘rganildi. Tekshiruv natijasida bu holat texnik xatolik oqibati ekani aniqlanib, ortiqcha yechib olingan mablag‘ iste’molchiga to‘liq qaytarildi. Xodimga ogohlantirish berildi.
Ko‘rilgan choralar
Boshqa holatlarda ham kassa orqali ikki marta to‘lov amalga oshirilishi, xarid qilinmagan mahsulotlar uchun pul yechib olinishi kabi xatolar tasdiqlangan. Barcha holatlarda xaridorlardan uzr so‘ralgan va ortiqcha olingan mablag‘lar qaytarilishi ta’minlangan. Qo‘mita tomonidan kassir va savdo xodimlariga mijozlar bilan ishlash bo‘yicha qo‘shimcha tushuntirishlar berilgan.
Ma’lumot uchun, Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2025 yil davomida ijtimoiy tarmoqlar orqali 1,5 mingga yaqin turli yo‘nalishlardagi murojaatlar qabul qilinib, ular bo‘yicha ijobiy hal etish choralari ko‘rilgan.





