
Raqobat qo‘mitasi propan import ortishi narxlarga ta’sir ko‘rsatayotganini ma’lum qildi
Ichki bozorda mahalliy propan hajmi qisqarib, import hissasi ortishi narx shakllanishiga bosim o‘tkazmoqda.

Raqobat qo‘mitasi ichki bozorda suyultirilgan gaz (propan) realizatsiyasida kuzatilayotgan holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, 2025 yil davomida birja savdolari orqali jami 358 ming tonna suyultirilgan gaz sotilgan bo‘lib, uning 61 foizi mahalliy, 39 foizi esa import mahsulot hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, 2025 yil yanvar–iyul oylarida ichki bozorda mahalliy mahsulot ulushi o‘rtacha 80 foizni tashkil etgan. Biroq avgust oyidan boshlab bu ko‘rsatkich izchil kamayib, dekabr oyida 35 foizga, 2026 yil yanvar oyining o‘tgan davrida esa 10 foizgacha pasaygan.
Mazkur holatning asosiy sababi sifatida mahalliy propan hajmlarining aholi hamda ijtimoiy soha ob’ektlariga yo‘naltirilgani ko‘rsatilmoqda. Shu bilan birga, mahalliy mahsulotning boshlang‘ich narxi o‘tgan yil davomida deyarli oshmagani ta’kidlandi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan boshlang‘ich narxga 20 foiz spred, shuningdek, bir savdo sessiyasida 5 tonna xarid limiti joriy etilgani natijasida mahalliy propanning bir tonnasi 7 mln so‘mdan oshmagan. Bu paytda import mahsulot narxi 8 mln so‘mgacha shakllangan.
So‘nggi oylarda import ulushi va talab oshishi birja savdolaridagi o‘rtacha narxning aynan import mahsuloti hisobiga shakllanishiga olib kelgan. Ayrim tadbirkorlar tomonidan boshlang‘ich narxlar oshirilishi natijasida hozirda 1 tonna propan o‘rtacha 9,5 mln so‘mgacha sotilmoqda, bu dekabr oyiga nisbatan 20 foizga yuqori.
Qo‘mita propan narxlarini barqarorlashtirish maqsadida vakolati doirasida tezkor chora-tadbirlar ko‘rilayotgani, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida chakana narxlar doimiy monitoring qilinayotganini bildirdi. Shu bilan birga, narxlar bo‘yicha asossiz axborot tarqatish bozor tamoyillariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.





