
Raqobat qo‘mitasi soxta chegirmalarni taqiqlamoqchi
23.06.2025 | 09:0048393
Yangi hujjat loyihasiga ko‘ra, alkogol va tamaki mahsulotlari uchun chegirmalar taqiqlanadi, barcha chegirmalar esa so‘nggi 30 kunlik eng past narxga asoslangan holda belgilanishi shart bo‘ladi. Maqsad — sun’iy arzonlashtirish va iste’molchiga yolg‘on ma’lumot berishning oldi olish.
O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi aksiya va chegirmalarni tartibga solishga qaratilgan yangi hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi. Unga ko‘ra, ayrim mahsulotlar uchun chegirmalarni taqiqlash va boshqa tovarlar uchun chegirma shartlarini qat’iy belgilash nazarda tutilgan.
Loyihada alkogol, pivo, vino, tamaki mahsulotlari va nikotin iste’moli uskunalariga nisbatan har qanday chegirma yoki aksiyani qo‘llash taqiqlanishi belgilangan. Bu salomatlikka xavf tug‘diruvchi mahsulotlarni ommalashtirmaslik maqsadida amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, hujjatda har qanday chegirma faqat o‘sha mahsulotning so‘nggi 30 kundagi eng past narxiga nisbatan hisoblanishi mumkinligi qayd etilgan. Agar sotuvchi avvalgi narxni ko‘rsatmasa, unda chegirma deb e’lon qilishga haqli bo‘lmaydi.
Raqobat qo‘mitasi shriftlar masalasini ham tartibga solmoqchi: arzonlashtirilgan narx reklamalarda asosiy narxga nisbatan katta shrift bilan yozilmasligi kerak. Bu iste’molchini chalg‘itmaslik maqsadida joriy etilmoqda.
Eng muhimi, sun’iy narx oshirilib, so‘ng arzonlashtirilgandek ko‘rsatish — ya’ni soxta chegirmalar e’lon qilish mutlaqo taqiqlanadi. Bu orqali bozorda sog‘lom raqobatni ta’minlash va iste’molchining huquqlarini himoya qilish maqsad qilingan.
Yangi reglament hozirda muhokamada bo‘lib, jamoatchilik va tadbirkorlardan takliflar qabul qilinmoqda. Qabul qilinishi mumkin bo‘lgan mazkur qaror elektron savdo maydonlari, do‘konlar va marketing kompaniyalari faoliyatiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.





