add

Raqobat qo‘mitasi yana bir MCHJni reklamadagi qonunbuzarlik uchun jarimaga tortdi

02.07.2025 | 13:2027533

Raqobat qo‘mitasi tomonidan «Roodell» MCHJ «Kia Sonet» avtomobili reklamasida qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ygani uchun moliyaviy jarima qo‘lladi. Kompaniya reklamada muhim shartlarni aniq bayon etmagan.

Raqobat qo‘mitasi yana bir MCHJni reklamadagi qonunbuzarlik uchun jarimaga tortdi
Raqobat qo‘mitasi olib borgan monitoring natijasida «Roodell» MCHJning reklama faoliyatida qonunbuzilish holati aniqlandi. Kompaniya «Kia Sonet» avtomobilini muddatli to‘lov orqali 0 foizda taklif qilgan reklama e’lon qilgan, ammo ushbu reklamada shartnomaning muhim shartlari, jumladan, bo‘lib to‘lash jarayonidagi qo‘shimcha to‘lovlar haqida aniq ma’lumot berilmagan. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, bunday reklama «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 43-moddasi talablariga zid bo‘lib, iste’molchilarni chalg‘ituvchi tasavvur shakllanishiga olib kelgan. Bu esa fuqarolarning noto‘g‘ri qaror qabul qilish ehtimolini kuchaytirgan. Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi mazkur holat bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi. Ish natijalariga ko‘ra, «Roodell» MCHJga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi. Shuningdek, kompaniyaga qonunbuzarlikni bartaraf etish va bundan buyon bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Ma’lumot uchun, «Roodell» kompaniyasi O‘zbekistonda «Kia», «Chery», «Haval» va «Hyundai Truck & Bus» avtomobillarini yig‘ish va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi ADM Jizzakh zavodiga egalik qiladi. Raqobat qo‘mitasi barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni amaldagi qonunlarga qat’iy rioya qilish, ayniqsa reklama faoliyatida aniq, to‘g‘ri va xolis ma’lumotlar taqdim etishga chaqirdi.

Teglar

Mavzuga oid