
Rasmiy daromadi yo‘q fuqarolarga kredit olish imkoniyati ochilmoqda
20.06.2025 | 19:2026763
23 iyundan boshlab O‘zbekistonda “Alternativ skoring” tizimi orqali rasmiy daromadi yo‘q fuqarolarning moliyaviy intizomi baholanadi. Bu yangilik ularga bank kreditlaridan foydalanish imkonini sezilarli darajada kengaytiradi.

2025 yil 23 iyundan boshlab Kredit-axborot tahliliy markazi “Alternativ skoring” deb nomlangan yangi tizimni amalga joriy etadi. Bu mexanizm rasmiy daromadi qayd etilmagan fuqarolarga ham kredit olish imkonini taqdim etadi.
Yangi tizim fuqarolarning so‘nggi 12 oydagi bank kartalari orqali amalga oshirgan to‘lovlari, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlari va Majburiy ijro byurosida qayd etilgan ma’lumotlari asosida moliyaviy intizomini baholaydi.
Ushbu ma’lumotlar asosida har bir shaxs uchun maxsus skoring bali hisoblanadi. Banklar mana shu bal asosida fuqarolarning kredit olish yoki rad etilishi bo‘yicha qaror qabul qiladi. Bunda rasmiy ish joyiga ega bo‘lmagan, ammo muntazam to‘lovlarni amalga oshirayotgan shaxslar ham inobatga olinadi.
Tizimdan foydalanish bepul emas. “Alternativ skoring” hisoboti uchun fuqarolar bazaviy hisoblash miqdorining 0,05 qismi, ya’ni 18 750 so‘m (QQSsiz) to‘lov to‘lashadi. 2025 yil 1 avgustdan bu narx BHM oshishiga qarab 20 600 so‘mgacha ko‘tariladi.
Avvalroq Pinkod.uz rasmiy manbalariga tayanib, mahsulot xaridi vaqtida bank krediti va nasiya savdosi o‘rtasidagi farqlar yuzasidan tahliliy maqola e’lon qilgan edi. Unda xaridor uchun qaysi usul foydaliroq ekani ochib berilgan.





