Razvedka Xitoy sun’iy intellektining yashirin tahdidini aniqladi
«DeepSeek» uzoq o‘tmishga oid masalalarda neytral javoblar beradi, ammo hozirgi zamonga yaqinlashgan sari javoblar borgan sari mujmal tus oladi.

Xitoy ishlab chiqqan sun’iy intellekt modellari G‘arb axborot maydoniga buzib ko‘rsatilgan dunyoqarashni singdirishga intilmoqda. Bu haqda Estoniya razvedkasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu maqsadga erishish vositalaridan biri — butun dunyo bo‘ylab shiddat bilan tarqalayotgan «DeepSeek» sun’iy intellekt tizimidir.
Razvedka xizmatining ta’kidlashicha, Estoniya xavfsizligiga oid masalalar muhokama qilinganda, «DeepSeek» muhim ma’lumotlarni yashiradi va o‘z javoblariga Xitoy tashviqotini qo‘shib yuboradi.
Faqat Tibet yoki uyg‘urlar emas: muammo kattaroq
Ta’kidlanishicha, G‘arbda ko‘pchilik «DeepSeek» tomonidan amalga oshirilayotgan buzib ko‘rsatishlar faqat Tibet, inson huquqlari, Tayvan, Tyananmen maydonidagi voqealar va uyg‘urlar masalasi kabi mavzular bilan cheklanadi deb hisoblaydi. Biroq voqelik ancha murakkabroq.
Estoniya bilan bog‘liq mavzular tahlil qilinganda aniq algoritmik qonuniyat ko‘zga tashlanadi: uzoq o‘tmishga oid masalalarda «DeepSeek» javoblari neytral. Ammo hozirgi zamonga yaqinlashgan sari javoblar borgan sari mafkuraviylashib, mujmal va noaniq tus oladi.
Estoniya misolida aniqlangan tendensiya
Agar Estoniya Tashqi ishlar vazirligi qachonlardir Xitoyni tanqid qilganmi deb so‘ralsa, «DeepSeek» o‘zaro manfaatli ikki tomonlama munosabatlar haqida silliqlangan diplomatik bayonot beradi. Bunda har qanday tanqidiy fikr e’bordan chetda qoladi. Vaholanki, G‘arbning sun’iy intellekt tizimlari so‘nggi yillarga oid aniq misollarni keltira oladi.
«DeepSeek»ning senzura qilingan axborot maydoni xavf tug‘diradi. Bu xatarlar shunchaki Xitoyning ichki nozik masalalarini chetlab o‘tish bilan cheklanib qolmaydi; ular Estoniya xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarni yashirish hamda Xitoyning rasmiy tashviqotini targ‘ib qilishni ham o‘z ichiga oladi», — deyiladi xabarda.
Xulosa qilib, bularning barchasi Pekinning G‘arb axborot maydoniga Xitoy tomonidan shakllantirilgan dunyoqarashni singdirishga intilayotganini ko‘rsatishi aytilgan.





