
«Real» Madrid 2025 yilda dunyodagi eng qimmat futbol klubi deb e’lon qilindi
09.06.2025 | 09:4142342
Forbes nashrining 2025 yilgi reyting natijalariga ko‘ra, Ispaniyaning «Real» Madrid jamoasi dunyodagi eng qimmat futbol klubi deb topildi. Klubning umumiy bahosi 6,75 mlrd dollarga yetdi, yillik daromadi esa 1,129 mlrd dollarni tashkil qildi.

Reytingda ikkinchi o‘rinni Angliyaning «Manchester Yunayted» klubi egalladi — uning bahosi 6,6 mlrd dollarga teng, yillik daromadi esa 834 mln dollar. Uchinchi o‘rin ham La Liga vakili «Barselona»ga nasib etdi — klubning qiymati 5,65 mlrd dollar, daromadi esa 821 mln dollar bo‘ldi.
Umumiy hisobda dunyodagi eng qimmat 30 ta futbol klubi jami 72 mlrd dollardan ziyod baholangan. Top-30 ro‘yxatida eng ko‘p klublar bilan Angliya Premiyer-ligasi yetakchilik qilmoqda — reytingda 12 jamoa ushbu ligada ishtirok etadi.
Forbes talqiniga ko‘ra, 2025 yil uchun dunyodagi eng qimmat 10 ta klub ro‘yxati quyidagicha (qiymati/daromadi):
- «Real» Madrid (Ispaniya) — $6,75 mlrd / $1,129 mlrd
- «Manchester Yunayted» (Angliya) — $6,6 mlrd / $834 mln
- «Barselona» (Ispaniya) — $5,65 mlrd / $821 mln
- «Liverpul» (Angliya) — $5,4 mlrd / $773 mln
- «Manchester Siti» (Angliya) — $5,3 mlrd / $901 mln
- «Bavariya» (Germaniya) — $5,1 mlrd / $827 mln
- PSJ (Fransiya) — $4,6 mlrd / $870 mln
- «Arsenal» (Angliya) — $3,4 mlrd / $771 mln
- «Tottenxem» (Angliya) — $3,3 mlrd / $666 mln
- «Chelsi» (Angliya) — $3,25 mlrd / $591 mln





