add

Riodagi politsiya reydida 130 dan ortiq kishi halok bo‘ldi

30.10.2025 | 18:206142

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida «narko-terroristlar»ga qarshi o‘tkazilgan politsiya amaliyoti fojiaga aylandi — qurbonlar soni 132 nafarga yetdi, ular orasida begunoh fuqarolar ham borligi aytilmoqda.

Riodagi politsiya reydida 130 dan ortiq kishi halok bo‘ldi

28 oktabr kuni Rio-de-Janeyroda o‘tkazilgan politsiya amaliyoti Braziliya tarixidagi eng qonli reyd sifatida qayd etildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, «Qizil qo‘mondonlik» deb ataluvchi jinoiy to‘daga qarshi o‘tkazilgan operatsiyada 2,5 mingga yaqin politsiyachi qatnashgan. Ular giyohvand moddalar savdosiga aloqador gumonlanuvchilarni qidirish uchun shaharning chekka hududlarigacha kirib borishgan.

Birinchi kunda 64 kishi halok bo‘lgan deb xabar qilingan bo‘lsa, 30 oktyabrga kelib bu raqam ikki barobarga oshib, 132 nafarga yetgan. Ulardan kamida to‘rt nafari politsiya xodimlari bo‘lgani aytilmoqda. Ammo qurbonlar soni hali ham aniqlanmagan.

New York Times manbasiga ko‘ra, halok bo‘lgan erkaklarning jasadlari shahar chetidagi maydonga qator qilib yotqizilgan. Ularning ko‘pining kiyimlari yechilgan bo‘lib, bu qarindoshlarga tanishni osonlashtirish uchun qilingan. Tun davomida yaqin o‘rmonzor hududidan yana o‘nlab jasadlar topilgan.

Ko‘plab mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, otishma tun yarmida itlar hurishi va elektr ta’minoti uzilishi bilan boshlangan. Bir necha soat ichida minglab politsiyachilar zirhli texnika bilan hududga kirgan, havoda ikki politsiya vertolyoti aylanib yurgan.

Amaliyotning maqsadi — to‘da rahbarini qo‘lga olish bo‘lgan, ammo bu vazifa bajarilmagani rasman tan olindi. Shunga qaramasdan, Rio shtati gubernatori Klaudio Kastro reydni muvaffaqiyatli deb atadi. Uning ma’lumoticha, operatsiya davomida 113 kishi hibsga olingan, 118 dona qurol va bir tonna giyohvand moddalar musodara qilingan.

Bu voqea Rio shahrini larzaga soldi — jinoyatchilar va politsiya o‘rtasidagi doimiy to‘qnashuvlarga o‘rganib ketgan aholi ham bunday qonli natijani ilgari ko‘rmagan edi.

Teglar

Mavzuga oid