
Rog‘un GESiga 17 yilda 5 mlrd dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi
28.08.2025 | 15:002184
Tojikistondagi Rog‘un GESi qurilishi uchun 2025 yilning o‘zida 452 mln dollar ajratildi. Ob’ekt 2028 yilda to‘liq ishga tushirilishi kutilmoqda.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning ma’lum qilishicha, 2025 yil boshidan buyon Rog‘un GESi qurilishiga davlat byudjeti hisobidan 4,3 mlrd somoni, ya’ni taxminan 452 mln dollar ajratilgan. Bu haqda u 27 avgust kuni GES xodimlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2008 yildan beri Tojikiston ushbu mega-loyihaga davlat byudjeti va boshqa manbalardan jami 48,1 mlrd somoni (5,05 mlrd dollar) yo‘naltirgan. Rog‘un GESi — Vaxsh daryosida qurilayotgan eng yirik energetika ob’ekti bo‘lib, uni to‘liq quvvat bilan ishga tushirish 2028 yildan oldin amalga oshmaydi.
Hozirgacha elektr stansiyasidagi 6 ta gidroagregatdan 2 tasi ishga tushirilgan. Har biri 600 MW quvvatga ega bo‘lgan ushbu agregatlar bosqichma-bosqich faoliyatga qo‘shilmoqda. Loyiha umumiy qiymati taxminan 6,2 mlrd dollarni tashkil etadi.
Qurilishni moliyalashtirishda xalqaro sheriklar ham ishtirok etmoqda. Jumladan, avvalroq Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasi moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda va Qatar taraqqiyot fondi bosh direktori Fahd Hamad as-Sulaytiy Rog‘un GESi qurilishi uchun Tojikistonga 50 mln dollar imtiyozli kredit ajratish haqida bitim imzolagani haqida xabar bergan edik.
Rog‘un GESi faoliyatga to‘liq qo‘shilsa, mamlakatning energetika mustaqilligi mustahkamlanadi va mintaqadagi elektr energiyasi eksporti kengayadi. Shu bois, loyiha nafaqat milliy, balki strategik ahamiyatga ham ega hisoblanadi.
Avvalroq Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari Rog‘un GESdan elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha 20 yillik kelishuv imzolashga kelishib olgani, unga ko‘ra, Tojikiston O‘zbekistonga 1 kWh elektr energiyasini 3,4 sentdan sotishi haqida xabar bergan edik.





